Misr harbiyligi o‘zini yirik qudrat bilan siyladi

Image copyright i

Misrning iqtidordagi harbiy kengashi o‘ziga katta qudrat beruvchi konstitutsiyaviy deklaratsiyani tasdiqdan o‘tkazdi.

Shanba kuni Misr parlamenti tarqatib yuborilgandi. Qurolli Kuchlar Oliy Kengashi tomonidan qabul qilingan yangi hujjatga binoan endi doimiy konstitutsiya ishlab chiqilmagunga qadar umumiy saylovlar o‘tkazish mumkin bo‘lmaydi.

Shuningdek, hujjat harbiylikka mamlakat byudjetni nazorat qilish, qonun chiqarish va yangi konstitutsiyaga veto qo‘yish imkoniyatini berishi xabar qilinadi.

Muxolifat harbiy kengash tasdiqlagan deklaratsiyani zudlik bilan davlat to‘ntarishi sifatida baholab, qoralab chiqdi.

Taniqli siyosatchi Muhammad al Baradiy harbiy kengash qabul qilgan hujjatni "demokratiya va inqilobda jiddiy ortga chekinish", deya ta‘rifladi.

Prezidentlikka sobiq nomzod Hamdeyen Sabahi esa, deklaratsiyani "Misr kelajagining ishg‘oli" deb atagan.

Ovozlar sanalmoqda

Kuni kecha o‘tgan prezidentlik saylovlar ovozlarini sanash davom etarkan, "Musulmon birodarlar" nomzodi Muhammad Mursi g‘oliblikni da‘vo qilmoqda.

Barcha ovoz berish shahobchalaridagi sanash jarayonlarini kuzatayotgan Mursi tarafdorlari u 52 foiz ovoz to‘plaganini aytishadi.

Qohirada bergan matbuot anjumanida janob Mursining o‘zi barcha misrliklar nomidan ish tutish istagida ekanini aytgan:

"Barchamiz Misrning birodarlarimiz, ushbu mamlakat hammamizniki, barchamiz teng haq-huquq hamda majburiyatlarga egamiz", degan Muhammad Mursi o‘z so‘zida.

Ammo, janob Mursining g‘alabasi raqib nomzod Ahmad Shafiq tarafidan rad etilgan. Shafiq janoblarining yordamchisi Mahmud Farrag so‘nggi natijalar e‘lon qilinmagunga qadar g‘oliblikni da‘vo qilish noto‘g‘ri ekanini aytgan.

"Biz biron bir natijani e‘lon qilishga shoshayotganimiz yo‘q. Chunki, bu natijalarni faqat saylovlar bo‘yicha ma‘muriyat e‘lon qiladi", deb aytgan Mahmud Farrag

BBC muxbiri Jon Leynga ko‘ra, hozir Misrda chuqur bo‘linishlarni kuzatish mumkin va barcha alomatlar yangi yirik to‘qnashuvlarga ishora berayotgandek.