Saudiya Arabistonida musulmonlar valiahd shahzodani dafn etmoqdalar

Image caption Shahzoda Nayif Saudiya Qirolligini o‘n yillardan buyon idora qilgan yuqori rahbarlardan biri edi

Saudiya Arabistoni Makkada valiahd shahzoda Nayif bin Abdulaziz al-Saudni dafn etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Shahzoda Nayifning jasadi Saudiya Arabistonidan Jenevadan keltirilgan.

Valiahd shahzoda Jenevada davolanayotgan payti olamdan o‘tgan.

Saudiya Arabistonida shakllangan Islomiy an‘anaga muvofiq, shahzoda Nayif tuproqqa topshiriladi va yer bilan tekis qabr ustiga kichik bir tosh qo‘yiladi.

Bo‘lajak qabr boshqa yuzlab qabrlardan hech qanday farq qilmaydi.

Shahzoda o‘tgan yil oktyabrida akasi shahzoda Sulton vafot etishi ortidan taxt valiahdi etib tayinlangan edi.

Qisqa vaqt ichida ikki valiahdning olamdan o‘tishi Saudiya podishohligida keksa rahbarlar davri poyoniga yetib borayotganini anglatadi.

Keyingi valiahdning shahzoda Salmon bo‘lishi kutilmoqda.

Shahzoda Salmon o‘n yillardan buyon Saudiya Arabistoni Mudofaa vaziri va poytaxt Riyoz hokimi vazifasini bajarib keladi.

U ham zamonaviy Saudiya davlatining asoschisi Ibn Saudning keksayib borayotgan ko‘p sonli farzandlaridan biridir.

Taxt vorisini tayinlash jarayoni sirtdan qaralganda o‘ta sokin ko‘ringan Saudiyada o‘ta silliq o‘tishi kutilmoqda.

Ammo ushbu sokinlik ostida o‘ta qiyin va murakkab muammolar yotibdi: yoshlar o‘rtasida ishsizlikning yuqoriligi, ayollar huquqlari va arab dunyosini ostin-ustun qilgan inqiloblar.

Saudiya Arabistonida har qanday o‘zgarishlar asta sekinlik bilan amalga oshiriladi.

Ammo ba‘zilarga ko‘ra, Shahzoda Nayif o‘limi o‘zgarishlarni bir umr chetlab o‘tish imkonsiz ekanini yodga soladi.

Yoshi 90larga yaqinlashib qolgan Podishoh Abdullohning ham sog‘ligi yaxshi emasligi aytiladi.