O‘zbekiston: Gaz va elektr tanqisligini sabab burjuy pechlariga talab ortdi

Image caption O‘zbekiston Rossiyadan 10 ming dona burjuy pechi sotib olmoqchi

O‘zbekistondagi bir shirkat Novosibirdagi zavodga 10 ming dona burjo‘y pechini buyurtma qilgan.

Ko‘mir, tezak va yog‘och bilan yonuvchi ushbu pechlarga O‘zbekistonda o‘tgan yili qishning uzoq kelishi va tabiiy gaz hamda elektr uzatishda uzilishlar yuzaga kelishi ortidan talab ortgan.

Shu paytgacha uzoq qishloqlarda bu kabi va qo‘lbola pechlardan foydalanilgan bo‘lsa, o‘tgan qish mavsumida ko‘p qavatli uylarda turuvchilar ham isitishning muqobil variantlarini izlashga majbur bo‘lgan.

Novosibirdagi pech ishlab chiqaruvchi zavod allaqachon o‘zbekistonliklarning talabini bajarishga kirishib ketgani aytiladi.

“Novosibirsk” axborot agentligining yozishicha, sovuq kunlar kelgunicha O‘zbekistonga 10 ming dona burjo‘y pechlari yetkazilib berilishi zarur bo‘ladi.

Elektr o‘rniga tezak

Asosan tezak, yog‘och va ko‘mir bilan yonuvchi ushbu pechlarga O‘zbekistonda talab bu yil qishda keskin oshdi.

Hattoki, ko‘p qavatli uylar yashovchilari ham gaz yo‘qligi sabab sandali va qo‘lbola pechka qurish orqali vaziyatdan chiqishga harakat qilishdi.

Ko‘p qavatli uylarning birida yashovchi jizzaxlik suhbatdoshimizning aytishicha, o‘zi bilan birga qo‘ni qo‘shnilari ham bu yil qishda ancha qiynalgan.

"Qish kunlari gaz bo‘lmadi. Aholining ko‘pchiligi domlarda yashaydi. Elektr energiyasidan foydalanib, to‘k pechka qo‘shishdi. Ko‘pchilikda pechka yo‘q, pechka bo‘lsa o‘tin yo‘q. Biz ham domda yashaymiz. Pul ketsa ham, tok pechkalardan foydalandik. Aksiga olib, chiroq ham o‘chib turdi. O‘sha kunlari ancha qiynaldik, 2-3 talab ko‘rpa yopindik. Chaqalog‘i borlar juda qiynaldi" - deydi jizzaxlik suhbatdosh.

U qish kunlari chiroq uchun bir oyga 30 ming so‘m to‘lashga majbur bo‘lganini aytadi.

Ayrim oilalar, tok pechlardan foydalanishning imkoni bo‘lmagani bois, uylarga sandal qurib olganlar.

Ko‘p qavatli uyda yashovchi tinglovchimiz bu yil qishga tayyorgarlikni hozirdan boshlagani va, agar narxi to‘g‘ri kelsa, bitta burjuy pechi sotib olishni o‘ylayotganini aytadi.

"Uylarning ichiga bittadan pechka qurmoqchi bo‘layapmiz. O‘tinlarni tayyorlab tayyogarlik ko‘rayapmiz. Shunday qilmasak bo‘lmaydi", - deydi suhbatdoshimiz.

Xitoyga gaz sotib....

Toshkentlik iqtisodchi Jahongir Shosalimov bu kabi pechlar asosan aholining kambag‘al qismiga mo‘ljallanishini aytadi.

"Bu pechlar aholining asosan kambag‘al qismiga mo‘ljallangan. Kambag‘al qismidan tashqari uzoq viloyatlar va tog‘li hududdlardagi odamlarga va gaz ta‘minotidan butunlay uzilib qolgan joylar bor", - deydi Jahongir Shosalimov.

Iqtisodchining ilova qilishicha, qattiq qishdan tashqari gazni eksport qilish ortidan ta‘minotdagi yuzaga kelgan sun‘iy to‘siqlar odamlarning 50-yillardagi isitish tizimiga qaytishga majburlamoqda.

U boshqaruv tizimlarining ishdan chiqishi shu kabi muammolarning vujudga kelishiga asossiy sabablardan ekanini aytadi.

"Boshqaruv tizimlari ishdan chiqqan. Misol uchun, hokimiyat qishga tayyorgarlikni nazorat qilishi kerak. Ammo ular, muammolarni bila turib, xalqqa qayishmaydi. O‘zbekistonda boshqaruv tizimining adolatsizligi va g‘ayrinsoniyligi kuzatilayapti. Axir O‘zbekiston gaz ekport qiluvchi davlat hisoblanadi" - deydi Jahongir Shosalimov.

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi gazga boy respublikalardan biri hisoblanadi.

Mamlakatdan qazib olinayotgan gazning 40 foizi chetga eksport qilinadi.

2012 yili eksport hajmi Xitoy kabi iste‘molchining qo‘shilishi ortidan 15 milliard kubmetrga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.