Yamanda yuqori martabali armiya generali xudkushlik hujumida o‘ldirildi

Image copyright Reuters
Image caption Hujumchi Generalni olib ketayotgan mashinaga o‘zini otib, tanasidagi portlovchi vositalarni ishga solgan

Yaman rasmiylariga ko‘ra, mamlakat janubidagi jangarilarga qarshi amaliyotlarga yetakchilik qilayotgan armiya qo‘mondoni xudkushlik hujumida halok bo‘lgan.

General Salim Ali Qatan Aden bandargoh shahriga kirayotgan mahal xudkush hujumchi tomonidan nishonga olingan.

Yaman hukumati janubdagi ayrim hududlarda nazorat o‘rnatgan Al-Qoidaga aloqador jangarilariga qarshi kurashmoqda.

Armiya yaqinda mamlakatning notinch janubiy mintaqasida joylashgan Abyan viloyatidagi jangarilar tayanch nuqtalarini qayta ishg‘ol qilgandi.

Yaman Mudofaa vazirligining ma‘lum qilishicha, General Qatan hujumga duch kelgan mahal uchta avtomobildan iborat karvonda ketayotgan bo‘lgan. Hujumchi Generalni olib ketayotgan mashinaga o‘zini otib, tanasidagi portlovchi vositalarni ishga solgan.

Vazirlikka ko‘ra, Qo‘mondon jon taslim qilgan, to‘rt soqchi va o‘sha atrofda bo‘lgan odamlardan biri jiddiy yaralangan.

Yaman Mudofaa vazirligi hujumchi Somali fuqarosi ekanini aytgan, biroq boshqa tafsilotlarni bermagan.

Axborot agentliklaridan birining Yaman jangarilaridan iqtibos keltirishicha, General Qatan janubda olib borilayotgan harbiy amaliyotlar bois nishonga olingan.

General Qatan o‘tgan mart oyida yangi Prezident Abdrabbuh Mansur Hadi qudratga kelganidan ko‘p o‘tmay, qo‘mondon etib tayinlangandi.

"Katta yo‘qotish"

Yaman armiyasi yuqori martabali qo‘mondoni va General Qatanning yaqin yordamchisi Ali Mansur uning o‘limini "Yaman uchun katta yo‘qotish" deya ta‘riflagan.

BBCning xavfsizlik masalalari bo‘yicha sharhlovchisi Frank Gardner ham: "General Qatanga qarshi suiqasd - Yaman hukumati uchun ikki hissa zarba", deydi.

Janub bo‘yicha harbiy qo‘mondon Al-Qoida kuchlarini tor-mor qilishga qaratilgan harbiy amaliyotlarga boshchilik qilayotgandi.

Al-Qoidaga aloqador isyonkorlik va bo‘lginchilik Yaman janubida yillardan beri davom etib keladi. Muxbirlarga ko‘ra, jangarilar nazoratlari ostidagi yerlarni armiyaga boy berayotganlariga qaramay, hamon hujum qila olish qudratiga ega ekanlarini ko‘rsatishmoqda.

Yaqinda amalga oshirilgan amaliyotlar chog‘i Yaman armiyasi Shuqra, Zinjibar va Jar shaharchalari nazoratini qayta qo‘lga kiritgandi.

Qo‘shma Shtatlar ham hukumatning jangarilarga qarshi sa‘y-harakatlarini dastaklash uchun bir guruh harbiy maslahatchilarini Yamanga jo‘natgan.