"O‘zbekistonda o‘z huquqingni bilish davlatga qarshi amal"..mi?

Image caption O‘zbekiston mahkama tizimi mustaqil emas

Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchi Sara Kendziorga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadini ko‘zlagan Adolat.net web-saytiga O‘zbekiston ichkarisida to‘siq qo‘yilgan.

AQShdagi Seynt Luiz Vashington universitetining antropolog olimi bu haqda "Al-Jazira" telekompaniyasi web-sahifasidagi o‘zining blogida yozgan.

Sara Kendziorning yozishicha Adolat.net internet sahifasi siyosiy tashkilot emasligiga qaramasdan web-sayt taqiqlangan.

Adolat.net loyihasi 2010 yilda bir guruh malakali yuristlar tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining kuchli huquqiy demokratik davlat qurish jarayonidagi ishtirogini qo‘llab-quvatlash maqsadini ko‘zlab tashkil etilgan.

BBC amerikalik olim Sara Kendzior bilan bog‘lanib, undan O‘zbekiston qonunchiligi va ijrosi bilan bog‘liq vaziyatni qanchalar yaxshi bilishi haqida so‘radi.

Sara Kendzior: Men O‘zbekistondagi haqiqiy vaziyatni qonunlarga qaraganda yaxshiroq bilaman. Men O‘zbekistondan chiqib ketgan va siyosiy boshpana topgan shaxslar bilan juda ko‘p suhbatlashganman. Ular turli xil yo‘llarda O‘zbekiston ichki siyosatiga aralashgan shaxslar. Xususan, Andijon hodisalaridan so‘ng mamlakatni tark etishga majbur bo‘lganlar, chet elda jamoa tashkil qilgan va bu jamoa ishlarida faol bo‘lganlar bilan suhbatlashganman. Men o‘zim O‘zbekistonga bormaganman, oxirgi marta men O‘zbekistonga 2005 yilning aprel oyida borishim kerak edi, qo‘limda chipta ham bor edi, lekin ma‘lum sabaablarga ko‘ra, safarim qoldirildi.

BBC: Sizningcha, nima sababdan Adolat.net web-sahifasi taqiqilab qo‘yilgan O‘zbekistonda?

Sara Kendzior: Adolat.net web-sahifasi O‘zbekistondagi joriy qonunlarni juda jiddiy qabul qiladi va qonunlarga asoslanib odamlarga yuridik yordam ko‘rsatishni maqsad qilgan. Ya‘ni, web-sayt tashkilotchilari O‘zbekiston qonunlarini quruq qog‘ozdagi so‘zlar deb qabul qilmaydi. O‘zbekistonda inson xuquqlari va so‘z erkinligi himoyasi ta‘minlangan juda ko‘p qonunlar mavjud. Ayniqsa, O‘zbek rasmiylari xorijliklar bilan muloqotlarida O‘zbekiston konstitutsisiyada qayd etilgan bandlarni tilga olishni xush ko‘rishadi. Lekin O‘zbekistonda qog‘ozda yozilgan so‘zlar bilan odamlar boshidan kechirayotgan tajriba o‘rtasida katta farq bor. Adolat.net aynan o‘sha farqni kamaytirishga urinmoqda va O‘zbekiston hukumati o‘zi qabul qilgan qonunlariga o‘zi rioya qilmayotganligiga e‘tibor qaratmoqda.

BBC: Sizning bunday da‘volaringiz qanday faktlarga asoslangan?

Sara Kendzior: O‘zbekiston yopiq mamlakat bo‘lgani bois u yerda faktlarga asoslangan dalillarni topish o‘ta qiyin. Avtoritar mamlakat bo‘lgani uchun u yerga safar qilish va odamlar bilan gaplashish oson emas. Jabrdiydalar ham o‘zlarining huquqlari poymol etilgani haqida xalqaro tashkilotlarga gapirishdan qochishadi. Ular nafaqat o‘zlari, balki oilalari uchun ham katta xavotirda.

BBC: Siz "Al-Jazira" saytidagi maqolangizda O‘zbekistondagi "qoralovchi" va "oqlovchi" so‘zlarining ma‘nolariga to‘xtalgansiz. Nima uchun sizning nazaringizda bu so‘zlar O‘zbekistondagi adliya tizimini yaqqol ta‘riflab beradi?

Sara Kendzior: Ha, bu so‘zlar O‘zbekistonda odamlar huquqiy mavzuda suhbatlashganlarida qo‘llaydigan so‘zlar hisoblanadi. Albattaki, mahkamalarda bu so‘zlar ishlatilmaydi. Ammo men uchun "oqlovchi" va "qoralovchi" degan so‘zlarning ma‘nolari O‘zbekistondagi adliya tizimini ham ta‘riflaydigan mazmunni anglatadi. Bu so‘zlar adolat qaror topishi lozim bo‘lgan mahkamadagi xolislikni emas, targ‘ibotni ko‘proq anglatadi. O‘zbekistondagi adliya tizimida kimnidir gunohkor qilish uchun yoniga nimadir tashlab qo‘yish, keyin bu shaxs bu narsa o‘ziniki emasligini aytgani bilan mahkama uning bu so‘zlarini inobatga olmasligi yuz berayotgan, qoralovchining aytgani bo‘ladi. Ya‘ni uning mahkamaga keltirgan dalillari inobatga olinib, bir odam aybdorga aylanadi. Binobarin, O‘zbekistonda hukm qanday bo‘lishi mahkamadan oldin ham aniq bo‘lib bo‘ladi, shuning uchun O‘zbekiston insonning aybsizlik prezumptsiyasi tamoyili amal qilmaydigan mamlakat hisoblanadi.

Sara Kendzior O‘zbekistondagi adliya tizimi haqidagi fikrlariga munosabat bildirishni so‘rab internet mushtariylariga murojaat qilgan. BBC ham o‘z o‘quvchilarini Kendzior xonim fikrlariga munosabatlarini o‘rtoqlashishni so‘raydi: Siz nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekistonda fuqarolarning o‘z haq-huquqlarini bilishlari va talab qilishlarini xohlamaydiganlar ko‘pmi yoki oz?