Supermen, Spaydermen, endi navbat qozoq Ostonamenigami?

Image copyright AFP

Qozog‘iston o‘z super qahramoniga ega bo‘lmoqchi. Qozoq super qahramoni kim bo‘ldi ekan, desangiz, uning shaklu shamoyili va xislatu fazilatlari 3 iyul kuni ma‘lum bo‘ladi.

Tanlov film festivali doirasida shu yil may oyida e‘lon qilingandi.

Supermen, Spaydermen, Vondervomen va Batmenlarning sarguzashtlari dunyo ahliga yaxshi tanish, endi navbat Ostonamenga kelganga o‘xshaydi, deb boshlanadi Britaniyada chop etiluvchi “The Telegraph” nashridagi maqola.

Ayon bo‘lishicha, Qozog‘iston o‘z super qahramonini poytaxt Ostona nomi bilan atamoqchi.

Tanlov ishtirokchilari o‘z super qahramonlarining sarguzashtlari, uning tashqi ko‘rinishi va xislatlarini o‘zlari istagancha tanlashga haqli bo‘lishadi.

Ammo, tashkilotchilar tomonidan ilgari surilgan shart shuki, bo‘lajak super qahramon qozoq millatining o‘ziga xos jihatlarini aks etdirishi lozim.

"Super qahramon betakror, o‘ziga xos, qozoq xalqining ruhiyati, qadriyatlari, idellariga yaqin, uning tarixi, madaniyati, an‘analari va urf-odatlarini ifoda etgan bo‘lishi shart", deyiladi Ostona shahar hokimligi veb sahifasidagi bayonotda.

Nima uchun Ostonamen?

Qozog‘iston poytaxti Ostona 1997 yilda Oqmola shahri o‘rnida barpo etilgan.

Ushbu loyihaga shaxsan prezident Nursulton Nazarboyevning o‘zi bosh-qosh bo‘lgani aytiladi.

Yaydoqdek sahroda qad rostlagani va iqlimining o‘ta keskin ekaniga qaramay, minglab kishilar yashash uchun bu yerga ko‘chib o‘tishgan.

Markaziy hokimiyatga yaqin bo‘lish uchun Qozog‘iston sobiq poytaxti Olma otadagi xorijiy elchixonalar va yirik xalqaro yotirimchilar ham o‘z vakolatxonalarini Ostonaga o‘tkazishgan.

O‘shandan boshlab qozoqchada poytaxt ma‘nisini anglatuvchi Ostona Qozog‘istonning norasmiy yorlig‘iga aylangan.

Mamlakatdagi ko‘plab kichik bizneslar, milliy havo yo‘llari shirkati va velosipedchilar terma jamoasi ham Ostona nomi bilan atala boshlangan.

Maqola muallifi Jeyms Kilnerning yozishicha, super qahramon tanlovi tashkilotchilari ham ularning izidan borishga ahd qilgan ko‘rinshadi.

"Ostonamen Tilla Odam yoki sovuti yaraqlab turgan bahodir qiyofasida namoyon bo‘lar", deyiladi ularning bayonotida.

"Balkim u burgut yoki qoplonni ramzlantirar? Yoki tabiat bilan uyg‘unlikda yashayotgan, ammo xavf tug‘ilgan paytda, gijinglagan tulporiga minib, ona zaminimiz himoyasiga shay cho‘pon qiyofasida namoyon bo‘lar?.."

Endi buyog‘i 3 iyul kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonada ochilajak film festivali chog‘ida ma‘lum bo‘ladi.