Rossiya va AQSh Prezidentlari Suriyadagi zo‘ravonlikni to‘xtatishga da‘vat qildilar

Image copyright AP
Image caption Meksikadagi uchrashuvda Rossiya va AQSh prezidentlari Suriyadagi zo‘ravonliklarni to‘xtatishga da‘vat qildilar.

Vladimir Putinning qayta Rossiya prezidenti etib saylanganidan so‘ng birinchi bor AQSh Prezidenti bilan yuzma-yuz uchrashuvida Suriyaliklar o‘z kelajaklarini o‘zlari hal qilishlari kerakligiga ishonishlarini izhor etganlar.

Shu vaqtgacha AQSh va Rossiyaning Suriyadagi vaziyatga mavqelari turlicha ekanligi aytib kelingandi.

Rossiya va Xitoy ikki marotaba BMTning Suriya borasida ishlab chiqilgan rezolyutsiyasiga veto qo‘ygandilar.

Ikkala davlat ham tashqi bosim yordami bilan hukumatni qudratdan ag‘darish qabul qilib bo‘lmas holat, deya hisoblaydilar.

Barak Obama va Vladimir Putinning yuzma-yuz uchrashuvlari Meksikada o‘tayotgan jahonning eng yirik 20 davlati rahbarlari sammiti mobaynida yuz berdi.

Ikki soat davom etgan uchrashuvdan so‘ng janob Obamaning aytishicha, janob Putin bilan birga BMT, xalqaro mahsus vakil Kofi Annan va boshqa hamma manfaatdor tomonlar bilan Suriyadagi mojaroga yechim topish yo‘lida birgalikda ishlashga kelishib olganlar.

Janob Putin esa ikki davlat Suriya borasida "anchagina umumiy nuqtalarni" kashf etganliklarini bildirdi.

Uchrashuv natijasida chiqarilgan ko‘shma bayonotda Suriyadagi qon to‘kilishining oldini olish uchun hamma tomonlarni zudlik bilan otashkesim o‘rnatishga da‘vat yangragan.

Ayni vaqtda Rossiya Suriyadagi fuqarolarini himoya qilish maqsadida u yerga ikki harbiy kema yuborayotgani haqida tasdiqlanmagan habarlar kelmoqda.

Aytilishicha, bu ikki kema Suriyadagi Rossiya fuqarolarini himoya qilish bilan birga lozim bo‘lgan taqdirda Tartusdagi harbiy dengiz bazasidan jihozlarni ham olib chiqib ketishi mumkin.

BBC tahlilchilariga ko‘ra, ba xabar tasdiqlangudek bo‘lsa Rossiya Suriyadagi qudrat o‘zgarishi ehtimoliga qarshi ehtiyot choralariga qo‘l urayotganligini anglatishi mumkin.

Zo‘ravonliklar davom etmoqda

Suriyadagi faollarning aytishlaricha, zo‘ravonliklar davom etmoqda va yana kamida 52 kishi o‘ldirilgan.

Homs va Damashq atrofidagi Duma doxil qator shaharlarda artilleriya hujumlari kuzatilgan.