Afg‘onistonda Qur‘onni yondirgan askarlarga axloqiy choralar ko‘riladi

Image copyright BBC World Service
Image caption Qur‘oni Karimni yoqqan askarlarga yengil jazolar berilishi ehtimoli afg‘onlarni yana g‘azabga keltirishi mumkin

Amerika rasmiylari Afg‘onistondagi harbiy bazada Qur‘onni yondirilishi ishi bo‘yicha yetti askarga axloq tuzatish choralari ko‘rilishini bildirgan.

Amerika Qurolli kuchlari vakillari nomlari maxfiy qolish sharti bilan hodisa bo‘yicha hisobot Pentagonga yetkazilgani va ish ko‘rib chiqilayotganidan xabar berishgan.

Fevral oyida Qur‘on nusxalarining yoqilishi ommaviy tartibsizliklarga va NATOning Afg‘onistondagi bazasiga hujum qilinishiga sabab bo‘lgan edi.

Nomi oshkor qilinmagan rasmiylardan biri matbuotga gapirarkan, Qur‘oni Karimning yondirilishi yuzasidan olib borilgan tekshiruvlar nihoya topgan, ammo natijalar yuzasidan hali to‘la qaror olinmaganini bildirgan.

Aytilishicha, bu ishga qo‘l urgan urdu askarlariga xayfsan va maoshdan qirqish kabi ma‘muriy jazolar taklif etilgan.

Ammo, hali bu tavsiyalar rasmiylar tomonidan ma‘qullanmagan. Kimlarga va necha odamga jazo berilishi ham ochiqlangani yo‘q.

O‘tgan fevral oyi Bagramdagi Amerika qarorgohida bir necha Qur‘on nusxasi va boshqa diniy adabiyotlar o‘tga tashlangan va bu Afg‘onistonda qattiq noroziliklarga sabab bo‘lgandi.

Afg‘onistondagi Amerika Bosh qo‘mondoni Jon Allen uzr so‘raganiga qaramay, boshlanib ketgan aksilAmerika zo‘ravonliklarida Amerika askarlari doxil 40qa yaqin inson nobud bo‘lgandi.

Hatto Amerika prezidenti Obama ham notinchliklarni bostirish maqsadida uzr so‘rab, maktub yo‘llagan, ammo bu ham u qadar natija bermagandi.

Tolibon hodisadan foydalangan va afg‘onlarni qasos olish uchun xorij askarlarini o‘ldirishga chaqirgandi.

Mazkur hodisalar ortidan Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi ichkarisida 2 nafar Amerika maslahatchisi o‘ldirilgan, Tolibon ayni hujum mas‘uliyatini ham zimmasiga olgandi.

Endi askarlarga eng yengil jazolari berilishi ehtimoli afg‘onlarni yana g‘azabga keltirishi va Amerika ichkarisida Obama ma‘muriyati mazkur ish bilan risoladagidek hisoblashmagani uchun yana tanqidlarga duch kelishi mumkin.

Hodisadan so‘ng, Amerika harbiyligi Afg‘onistondagi qo‘shinlariga Qur‘oni Karimga ehtiyotkor bo‘lishga oid yangi tartib - qoidalar joriy etgan.

Shuningdek, Qur‘oni Karim orqali mahbuslar bir-birlari bilan aloqa qilishlari gumon qilinib, qitob nusxalari olib qo‘yilgandi.