BMT qo‘mitasi Qozog‘istondan 28 nafar o‘zbek qochqiniga tovon puli to‘lashni talab qildi

Image caption O‘zbekistondan Qozog‘istonga qochib chiqqan qolgan muhojirlar taqdiri ma‘lum emas

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi 2011 yili Qozog‘istondan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan 28 nafar qochqinni ortga qaytarish va ularga tovon puli to‘lash talabi bilan chiqqan.

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi mahbuslarga nisbatan qiynoqlar muntazam qo‘llaniluvchi O‘zbekistonga boshpana izlovchilarning qaytarilishinii qoralagan.

Bir yillik hibsdan so‘ng 2011 yilning 9 iyun kuni Qozog‘iston Bosh prokuraturasi 28 nafar o‘zbekistonlik boshpana izlovchini Toshkentga ekstraditsiya qilgan edi.

Bu bilan qo‘mita Frantsiyada joylashgan "ASAT Frans" inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot tomonidan yozilgan shikoyatni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan.

"ASAT Frans" tashkiloti BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga O‘zbekistonlik fuqaro nomidan yozgan arizasida boshpana izlovchilar O‘zbekistonga qaytarilsa, qiynoqlarga tutilishlari borasida ogohlantirgandi.

2010 yilning iyun oyida Qozog‘iston Bosh prokuraturasi O‘zbekiston Bosh prokuraturasining so‘roviga asosan 28 nafar boshpana izlovchini hibsga olgandi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 28 qochqinga "diniy ekstremistik tashkilotgarga a‘zolik va konstitutsion tuzumga tajovuz qilish qilish" kabi ayblarni ilgari surgandi.

Qozog‘iston tomoni boshpana izlovchilarga qochqinlik maqomi bermadi va ushbu qarordan shikoyat qilish uchun barcha jarayonlardan o‘tishga imkon berdi.

Ammo boshpana izlovchilar barcha mahkamalarda yutqazdilar va oradan roppa-rosa bir yil o‘tib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindilar.

BMT Qochqinlar Agentligi boshpana izlovchilarga bergan qochqinlik maqomini bekor qildi.

O‘zbekistonga ekstraditsiya etilgan barcha qochqinlar turli muddatga ozodlikdan mahrum etildilar.

Ochiqlikda qolgan boshpana izlovchilar esa, o‘z yo‘llari bilan Qozog‘istonni tark eta boshlashdi.

Ular ham O‘zbekistonga ekstraditsiya etilishi mumkin edi.

Ayni vaqtda rivojlanayotgan mamlakatlarning birida istiqomat qilayotgan Murod aka (ismi o‘zgartirilgan) o‘sha paytda BMT Qochqinlar Agentligiga boshpana izolovchilarni o‘z holiga tashlab qo‘yganini aytadi.

Murod aka so‘zlariga ko‘ra, BMTning endi qochqinlarga biror yordami tegishi dargumon.

"Men BMTga umuman ishonmayman, yordami tegishiga ham ishonmayman. Boshimizga shuncha savdoning tushishiga BMT ham sababchi. Birodarlarimiz O‘zbekistonga berib yuborildi, qolganlarimiz qancha vaqt uyimizdan chiqolmay berkinib yurdik. Misol uchun, yashaydigan joyimning manzilini faqat BMT xodimlariga berganman, ammo o‘sha yerni har KNB va militsiyachilar doimo topib borishardi", - deydi Murod aka.

Qochqinnning ilova qilishicha, O‘zbekiston tomoni Qozog‘istonga bosim o‘tkazgunga qadar BMT Qochqinlar Agentligi boshpa izlovchilarni himoya qilib kelgan.

Ammo 2010 yilning iyun oyidan boshlab boshpana izlovchilarga yopiq bir tashkilotga aylanib qolgan.

Hattoki, BMT Qochqinlar Agentligining maxsus vakili ham o‘zaro norasmiy uchrashuvda boshpana izlovchilarni bu tashklot himoya qila olmasligini ochiq tan olgani aytiladi.

Qozog‘iston tomoni Minsk konventsiyasi bo‘yicha jinoyatchilarni O‘zbekistonga topshirish majburiyatini olgani uchun ham boshpana izlovchilarni qaytarishi lozimligini urg‘ulagan.