Qozog‘istonda politsiya xodimlariga hujum qilgan jinoyatchilar qidirilmoqda

Noma‘lum qurolli shaxslar Qozog‘istonning Akto‘be shahrida bir taksi haydovchisini pichoqlab, yo‘l harakati nazorati xodimini otib o‘ldirishgan.

Hodisa kecha tunda viloyatning Kirpichniy posyolkasida yuz bergan.

Zobit Temirbek Jaksilikbayevning o‘ldirilishi yuzasidan "Qotillik" bandi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Mahalliy vaqt bilan tonggi soat beshlarda politsiya xodimlari taksi haydovchisiga hujum qilinganiga oid xabar olishgan.

Ikki nafar yo‘l harakati nazorati xodimi voqea sathiga yetib borishgan.

Ular Opel Astra rusumidagi avtomobil haydovchisining pichoqlanib yotganiga guvoh bo‘lishgan.

Politsiya xodimlaridan biri unga tez tibbiy yordam ko‘rsatishga kirishgan.

Ikkinchisi esa, hujumchilarning ortidan tushgan.

Xabarlarga ko‘ra, xuddi shu paytda jinoyatchilardan biri unga qarata o‘t ochgan.

Boshi va ko‘krak qafasidan o‘q yegan politsiya xodimi o‘sha yerning o‘zida o‘lgan.

Jinoyatchilarni izlab topish uchun tezkor guruh tashkil etilgan.

Dastlabki xabarlarda ularning noan‘anaviy diniy oqimlar a‘zolari ekanliklari taxmin etilmoqda.

Hozir barcha politsiya bo‘linmalari kuchaytirilgan xizmat tartibiga o‘tkazilgan.

Posyolkaga eltuvchi ko‘prik politsiya xodimlari tomonidan o‘rab olingan.

Ko‘prikdan faqat jamoat naqliyotining o‘tishiga ruxsat berilayotgani aytiladi.

Akto‘be

Qozog‘istonda o‘tgan yili avj olgan va izohlanmay qolgan qator zo‘ravonliklar aynan g‘arbiy Akto‘be shahridagi hudkushlik hujumi bilan boshlangandi.

O‘sha yil iyul oyida Akto‘bega yaqin Shubarshi shahrida ham xavfsizlik kuchlari bilan ekstremistik deyilgan guruh orasidagi otishmada 13 kishi o‘ldirilgandi.

Bu hududda dinning roli Qozog‘istonning boshqa hududlariga qaraganda muhimroq ekani, odamlarining anchayin taqvodor ekanliklari aytiladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra ham, so‘nggi yillarda g‘arbiy Qozog‘istonda odamlar orasida Islomga qiziqish kuchaygan.

Qozog‘iston nisbatan farovon bo‘lganiga qaramay, mamlakatda ijtimoiy va iqtisodiy muammolar oz emas.

Tahlilchilarning aytishlaricha, bu kabi vaziyat, ayniqsa, G‘arbiy Qozog‘istonda noroziliklarni yuzaga keltirgan.

Ular bu yerda boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovut juda katta ekani, yashash sharoitlarining juda og‘irligini ta‘kidlashadi.

Qozog‘istonlik tahlilchilarning o‘zlari ham qattiqqo‘llik bilan boshqariluvchi Qozog‘istonda norozilik izhor qilishning siyosiy yo‘llari o‘ta kamligi, shuning uchun ham ularning islomiy radikal guruhlarga yuzlanayotganliklarini aytishadi.