Endiyam Qozog‘istonning madhiyasini mazax qilib ko‘ring-chi?

Image copyright Getty

Qozog‘iston bayrog‘iyu madhiyasi doxil o‘z davlat ramzlariga hurmatsizlik qilganlarga qarshi javobgarlikni kuchaytirgan.

Mamlakat Oliy parlamenti o‘tgan hafta bu xususdagi mavjud qonunchilikka tuzatishlar kiritgan.

Qozog‘iston nashrlari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, kimki shunday ish tutsa, unga bir yilgacha qamoq jazosi tayin etilgan va jarima miqdori to‘rt barobariga oshirilgan.

So‘nggi yangilik Qozog‘iston davlat madhiyasi bilan bog‘liq qator xijolatli voqealar ortidan kuzatilmoqda.

Shu yil mart oyida Quvaytda bo‘lib o‘tgan o‘q uzish musobaqasida g‘oliba sharafiga Qozog‘iston madhiyasining o‘rniga "Borat" filmidagi hajv qilingan nusxasi o‘ynalgandi.

Undan sal avvalroq esa, Qozog‘istonning o‘zida, chang‘ichilar festivalining ochilish marosimi chog‘ida davlat madhiyasi o‘rniga puerto-rikalik mashhur pop .yulduzi Riki Martinning "Livin' la Vida Loca" qo‘shig‘i yangragandi.

O‘tgan yil Frantsiyada bo‘lib o‘tgan sport tadbirida ham yangi madhiyasining o‘rniga eskisi yangrab, Qozog‘iston va sportchilarini xijolatga qo‘ygandi.

Bularning barchasi o‘zining tashqi imaji masalasida nihoyatda qattiq qayg‘uruvchi Qozog‘istonga xush yoqmagani tayin.

Ustiga ustak, yaqinda Atirau shahrida farroshlarning axlatni tashish uchun davlat bayrog‘i matosidan foydalanganliklariga oid xabar ham Qozog‘istonda katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi.

"Davlat ramzlari to‘g‘risidagi" qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarda ko‘zda tutilgan jazo esa, anchagina qattiq:

Ya‘ni bir yilgacha qamalasiz yoki 3 million 236 ming tanga (21.000 AQSh dollari) miqdorida jarima to‘laysiz.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, shu yil iyul oyida bo‘lib o‘tajak London Yozgi Olimpiada O‘yinlari chog‘ida bu kabi xojolatpazlikning oldini olish uchun sportmulozimlariga qat‘iy topshiriqlar berilgan.

Sportchilardan esa, madhiya so‘zlarini yod olishlari so‘ralgan.

Davlatlari madhiyasiga nisbatan bu kabi munosabat oddiy qozog‘istonliklarni ham befarq qoldirmagan va ular o‘z hukumatlarini bo‘shanglikda tanqid qilib kelishayotgandi.