Kobul yaqinidagi mehmonxonaga hujum nihoyasiga yetgan

Image caption Qarg‘a ko‘li kobulliklarning sevimli dam olish maskanlaridan biridir.

Kobul tashqarisidagi mehmonxonaga Tolibon jangarilari tomonidan uyushtirilgan hujum nihoyasiga yetgan. Unda kamida 19 odam halok bo‘lgan. Bu haqida Afg‘oniston rasmiylari xabar tarqatdilar.

Isyonchilar payshanba oqshomida Qarg‘a ko‘li qirg‘og‘idagi Spojmay mehmonxonasiga hujum qilganlar, hamda qator odamlarni garovga olib, afg‘on xavfsizlik kuchlari bilan 12 soat davomida jang qilganlar.

Hujumda to‘rt qo‘riqchi va to‘rt oddiy fuqaro halok bo‘lgan. Besh hujumchining bari afg‘on kuchlari o‘qidan halok bo‘lishgan.

Tolibon hujum uchun mas‘uliyatni o‘z bo‘yniga olgan va mehmonxona badavlat afg‘onlar va xorijliklar tomonidan "behayo bazmlar" uchun ishlatilganini aytgan.

Qarg‘a ko‘li Kobul tashqarisida joylashgan bo‘lib, afg‘on poytaxti aholisining sevimli ko‘ngilochar maskanlaridan biri hisoblanadi.

BBCning Kobuldagi muxbiri Kuentin Somervilning xabar qilishicha, mehmonxona xavfsizlik kam ta‘minlangan chekka hududda bo‘lgani tufayli Tolibon uchun oson nishon bo‘lgan.

Unga ko‘ra, xorijliklar juda kamdan-kam hollarda bu ko‘lga safar qiladilar.

Hujumchilar o‘nlab odamlarni garovga olganlar. Ular granatamyot va boshqa og‘ir qurollar bilan qurollangan bo‘lishgan.

Mahalliy politsiya zobitiga ko‘ra, ko‘p sonli odamlar mehmonxonaga "piknik yoki to‘y bazmiga" yig‘ilgandilar.

"Biz oddiy fuqarolar shikast yemasligi uchun juda ehtiyotkorlik bilan ish ko‘ramiz", - dedi politsiya rahbari Dovud Amin.

Ba‘zi mehmonlar hujumchilardan qochib mehmonxona derazalaridan sakrashgani aytiladi.

Xavfsizlik amaliyotini afg‘on kuchlari olib borganlar, biroq ularga AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari yordam bergan.

O‘tgan bir necha oy davomida afg‘on armiyasi va politsiyasi qator isyonchi hujumlarni bostirishda yetakchilik qilib, afg‘on aholisining maqtovlariga sazovor bo‘lganlar.

Zo‘ravonlik mamlakat bo‘ylab oshib bormoqda - o‘tgan yetti kun davomida kamida uch AQSh askari va 20dan oshiq afg‘onlar qator hujumlar qurboni bo‘lganlar.

Hujumlar NATO qo‘shinlarining 2014 yilda Afg‘onistondan chiqib ketishidan avval nazoratni bosqichma-bosqich afg‘on qo‘shinlariga topshirayotgan davrga to‘g‘ri kelmoqda.