Pussy Riot a‘zolari amallarida "diniy adovat yo‘q"

Image caption Pussy Riot guruhining pank rusumidagi qo‘shiqlari Prezident Vladimir Putin va Rossiya hukumati bosimini tanqid qiladi

Rossiya prezidenti qoshidagi inson huquqlari bo‘yicha kengash Pussy Riot pank-guruhi qarshi ochilgan jinoiy tergov noqonuniy degan xulosaga kelgan. Kengashga ko‘ra, guruh a‘zolarining amallarida ular ayblanayotgan jinoyat yo‘q. "Yagona Rossiya" deputatlari qizlarni boshqa modda bo‘yicha mahkamaga tortish yo‘lida allaqachon jinoiy kodeksga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ishlay boshlaganlar.

Kengash iltimosiga binoan o‘tkazilgan ekspertizani prokuraturada 24 yildan beri xizmat qiladigan Mustaqil ekspert va huquqshunoslar kengashi mutaxassisi Yuriy Kostanov olib borgan.

"Tolokonnikova, Samutsevich va Alexinaga diniy adovatga asoslangan jinoyatlarda ayblagan tergovchi bu da‘volarni qo‘llab-quvvatlovchi bironta dalil-isbot keltirmagan", - deyiladi ekspert xulosasida.

Kengash tekshiruviga Ichki Ishlar Vazirligining Moskva shahar bo‘limi tergovchisi Artem Ranchenkovning Pussy Riot guruhi a‘zosi Nadejda Tolokonnikovani bezorilik aybi bilan jinoiy javobgarlikka tortish qarori asos bo‘lgan. Agar aybdor deb topilsa, Tolonnikova yetti yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Kengashning asosiy maqsadi uchta qizning hibsga olinishi Rossiya qonunlariga naqadar to‘g‘ri kelishi yoki zid ekanini aniqlash bo‘lgan.

Ekspert xulosasiga binoan, "tergovchi o‘z qarori bilan ayblanuvchilar amallariga baho beradi, lekin jinoyat tarkibini tasvirlab bermaydi".

Uning aytishicha, o‘z "pank-ibodatlari"da qizlar "nasroniylik yoki uning muqaddas shaxslariga qarshi nafrat izhor etmaydilar, balki Putin va Gundyayev faoliyatining salbiy taraflariga qarshi chiqib, ularni diniy ideallarga zid amal qilishda ayblaydilar".

Lekin, "Yagona Rossiya" deputatlari ayni damda Pussy Riot a‘zolarini "diniy ishoralar bilan adovat uyg‘otish" aybi asosida mahkamaga tortish uchun jinoiy kodeksga o‘zgartirish kiritishga tayyorlanmoqdalar.

Moskva shahrining Tagan tuman mahkamasi chorshanba kuni Pussy Riot guruhining Iso Masih ehromida bezorilikni amalga oshirishda ayblangan uch a‘zosiga qarshi hibs muddatini yana bir oyga cho‘zdirgan.