Rossiyada chaqalog‘ini sotishga uringan o‘zbekistonliklar qamaldi

Image copyright RIA Novosti
Image caption Rossiya mahkamalari avval ham chaqalog‘ini sotishga uringan bir necha o‘zbekistonlik ayollarni mahkum etgan

Kaluga mahkamasi yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik ota va onaga 4 yildan qamoq jazosi tayinlagan.

Rossiya matbuotining Tergov Qo‘mitasiga tayanib xabar berishicha, odam savdosida ayblangan 32 yoshli Gulnora Qoraboyeva hamda 21 yoshli Bahodir Jo‘rayevlar qamoq jazosini umumiy tartibdagi axloq tuzatish muassasasida o‘taydilar.

Tergov Qo‘mitasining bildirishicha, shu yilning fevralida huquq-tartibot idoralariga Kaluga viloyatida birga yashab kelgan ikki O‘zbekiston fuqarosi tez orada tug‘ilishi kutilayotgan chaqaloqlarini sotishga tayyor ekanliklari haqidagi ma‘lumot kelib tushgan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, chaqaloqqa shahar politsiyasining xodimi "xaridor" bo‘ladi.

"Avvaliga ayol va uning jazmani chaqaloq uchun 1000 AQSh dollari so‘rashadi, keyin esa yarim narxga tushiradilar. Chaqaloqning keyingi taqdiri ularni qiziqtirmagan", - deyiladi Rossiya Tergov Ko‘mitasi tarqatgan xabarda.

2012 yilning 6 fevralida shahar tug‘ruqxonasida ko‘zi yorigan ayol uch kun o‘tib, kelishilgan pulni oladi va qiz chaqaloqni "xaridor"ga topshiradi.

Pulni olish chog‘ida chaqaloqning ota-onalari hibsga olinadi, chaqaloq esa tibbiy muassasaga yotqiziladi.

"Tergov chog‘ida ayblanuvchilar o‘zlariga qo‘yilgan ayblarga to‘la iqror bo‘lishdi", - deyiladi xabarda.

Bu o‘zbekistonlik muhojir ota-onalarning o‘z chaqaloqlarini sotishga birinchi urinishlari emas.

Moskva viloyati hamda Yekaterinburg shaharlarida yuz bergan hodisalarda Rossiya politsiyasi ikki nafar o‘zbekistonlik ayollarni hibsga olgan.

Rossiyalik kuzatuvchilar Markaziy Osiyodagi og‘ir iqtisodiy sharoitdan qochib, Rossiyaga yo‘l olayotgan erkaklar qatori ayollar orasida ham turli jinoyatlarga qo‘l urish ko‘payib borayotganiga e‘tibor qaratishadi.