Misrning yangi prezidenti Muhammad Mursiy xalqi oldida chiqish qilgan

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Misrning ilk erkin saylovlarda saylangan prezidenti Muhammad Mursiy o‘zining ma‘muriyatini shakllantirish ishlarini boshlagan.

U mamlakatning sobiq prezidenti Husni Muborak ishlagan prezidentlik idorasini egallagan.

Uning yordamchisi aytishicha, janob Mursiy yangi hukumatni shakllantirish yuzasidan uchrashuvlar va maslahatlashuvlarni boshlagan.

Yakshanba kungi o‘zining ilk murojaatida janob Mursiy milliy birdamlikka chaqirgan, Misrdagi nasroniylar va ayollarning islomiy prezidentdan qo‘rqishlariga sabab yo‘q, deb aytgan.

Saylov natijalariga ko‘ra, janob Mursiy 51.73 foiz ovozni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Misrning sobiq bosh vaziri Ahmad Shafiq 48,3 foiz ovoz olgan.

Dunyoning qator mamlakatlari rahbarlari yangi saylangan prezidentni g‘alaba bilan qutlaganlar.

Amerika prezidenti Barak obama o‘tkazilgan saylovlarni "Misrning demokratiyaga o‘tish yo‘lidagi muhim xalqa" deb atagan.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg ham Mursiyga tabrik yo‘llagan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan tinchlik shartnomasi o‘zgarmasligiga umid bildirgan.

24 iyunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan saylov natijalarini Qohiraning Tahrir maydoniga yig‘ilgan minglab namoyishchilar eshitishgan.

Saylovda g‘olib chiqqan Muhammad Mursiy bir necha soat o‘tib mamlakat xalqiga murojaat bilan chiqqan va "misrliklar qayerda bo‘lishlaridan qat‘iy nazar ularning prezidenti bo‘lib qolish"ga va‘da bergan.

"Sizni, buyuk Misr xalqini milliy birdamlikni yanada mustahkamlashga chaqiraman", - deb aytgan janob Mursiy, - "bu bizning hozirgi og‘ir sharoitdan chiqib olishimizning asosiy yo‘lidir", - deb aytgan u.

Misrning yangi prezidenti barcha xalqaro shartnomalarga amal qilishi va "tinchlik siyosati"ni olib borishini ta‘kidlagan.

Shuningdek, janob Mursiy Husni Muborak tuzumi muxoliflari ilgari surgan barcha talablarning bajarilishiga va‘da bergan.

Misrning demokratik yo‘l bilan saylangan birinchi rahbari Muhammad Mursiy butun misrliklarning prezidenti bo‘lishga so‘z berganidan so‘ng, yangi hukumatni tuzishni boshlagan.