Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Akto‘bedagi maxsus amaliyot tafsilotlari berdi

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi o‘tgan hafta g‘arbiy Akto‘be shahrida yo‘l harakati nazorati xodimini otib o‘ldirganlikda gumon qilinganlarning nomlarini oshkor qilgan.

21 yoshli Jolmirza Bekbauov, 23 yoshli Yernazar Mirzagali tutish amaliyoti chog‘i otib o‘ldirilgan, 18 yoshli ekani aytilgan Gabit Qurmanqul yaralangan.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, gumondorlar Akto‘be shahridagi turar-joylardan birida joylashishgan bo‘lishgan. Aytilishicha, politsiya xodimlari ularga taslim bo‘lishni taklif qilishgan, ammo ular bunga o‘t ochish bilan javob qaytarishgan.

Jinoyatchilarni tutish amaliyoti 23 iyun kuni tashkil etilgandi. Xabar qilinishicha, xavfsizlik kuchlari amaliyotni boshlashdan oldin Akto‘be shahri Krasnoshchekova ko‘chasidagi turar-joylar yashovchilarini evakuatsiya qilishgan.

Jinoyatchilar odamlarni garovga olingani borasida ham xabar tarqalgan. Ammo, Qozog‘iston Bosh prokuraturasi bu xabarlarni rad etgan.

"Portlashlar va jinoyatchilar odamlarni garovga olganlari haqidagi gap-so‘zlar asossizdir. Jabrdiydalar va tinch aholi orasidan aziyat chekkanlar yo‘q, xavfsizlik xizmatining bir xodimi yengil jarohat olgan", deya ma‘lum qilgan Bosh prokuratura matbuot xizmati.

21 iyun kuni Kirpichniy posyolkasida yuz bergani xabar qilingan hodisada qurolli shaxslar bir taksi haydovchisi pichoqlab o‘ldirishgan.

Mahalliy vaqt bilan tonggi soat beshlarda taksi haydovchisiga hujum qilinganiga oid xabar olgan ikki nafar yo‘l harakati nazorati xodimi voqea sathiga yetib borishgan.

Ular Opel Astra rusumidagi avtomobil haydovchisining pichoqlanib yotganining ustidan chiqishgan.

Politsiya xodimlaridan biri unga tez tibbiy yordam ko‘rsatishga uringan.

Ikkinchisi esa, hujumchilarning ortidan tushgan.

Xabarlarga ko‘ra, xuddi shu paytda jinoyatchilardan biri unga qarata o‘t ochgan.

Boshi va ko‘krak qafasidan o‘q yegan politsiya xodimi o‘sha yerning o‘zida o‘lgan.

Zobit Temirbek Jaksilikbayevning o‘ldirilishi yuzasidan "Qotillik" bandi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan va jinoyatchilarni izlab topish uchun tezkor guruh tashkil etilgandi.

Dastlabki xabarlarda ularning noan‘anaviy diniy oqimlar a‘zolari ekanliklari taxmin etilgandi. Ammo, hozirgacha rasmiy manbalar bunday ma‘lumotlarni tasdiqlashmagan.

Jinoyatchilar hujumida nobud bo‘lgan politsiya zobiti Temirbek Jaksilikbayev 23 iyun kuni dafn etilgan.