O‘zbekistonda zaytun moyi paxta yog‘i o‘rnini bosa oladimi?

Image copyright AP
Image caption Xalq orasida ekologik toza maxsulotga talab ortayotgani bois ham zaytun yetishtirishga qiziqish katta bo‘layotgani aytiladi.

O‘zbekistonda bir necha yil oldin tashabbuschilar tomonidan ekilgan zaytun nihollari bu yil to‘liq hosil berishni boshlashi kutilmoqda.

Olimlar ushbu moy kelajakda inson sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan paxta yog‘ining o‘rnini bosishiga ishonishmoqda. Asosan, subtropik o‘lkalarda o‘suvchi zaytunning ekologik toza va inson salomatligi uchun foydali maxsulot ekanligi aytiladi. Shu vaqtgacha Markaziy Osiyo hududlarida zaytun daraxti o‘stirilmagan.

Bundan qariyb 10 yil oldin O‘zbekistonning janubiy viloyatlariga olib kelingan zaytun nihollari bugun boshqa viloyatlarga ham yoyilib Andijonda ham yetishtirilmoqda.

Qo‘rg‘ontepa tuman "Bog‘i Furqat" bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi rahbari Tohirjon Ahmedov 18 hildan ortiq zaytun niholini 3 yildan beri parvarishlamoqda. Ko‘chatlarning oldi bu yil hosilga kirib qoldi.

"Zaytun yog‘i beqiyos va uning bahosi baland. Gektariga 1 tonnadan zaytun yog‘i bo‘lib qoladigan bo‘lsa ham, hozir O‘zbekistonda bir litri 100 ming so‘mdan kam emas. Birinchi press deyiladi, ya‘ni eng oliy navi 100 mingdan kam emas. Bir tonnasi 100 million so‘m degan gap. Boring shuning yarmini bo‘lib qolsin, 50 million so‘m moyning o‘zidan daromad keladi", - deydi Tohirjon Ahmedov.

O‘tgan yilgi qish Andijonda ham qattiq keldi, minus 30 daraja bo‘lgan tunlarda ko‘plab yosh nihollarni sovuq urgan, ammo ko‘chatlarning ostidan yangi novdalar chiqib tiklanayapti.

Tohirjon akaning aytishicha, bunday sovuqlar 50 yilda bir marta keladi va undan qo‘rqish kerak emas.

Zaytun O‘zbekistonning nisbatan issiq hududi bo‘lmish Surxondaryoga 2002 yili olib kelingan.

O‘zbekistonda moyli ekinlar bo‘yicha mutaxassis professor Dilorom Yormatova uzoq izlanishlardan so‘ng inson salomatligi uchun foydali bo‘lgan ushbu o‘simlikni Turkiyadan olib kelib Oltinsoy tumaniga ekadi.

2006 yili nihollar ilk marotaba gulga kiradi va meva beradi. Ammo 2007 yilgi qahraton sovuq daraxtlarni urib ketadi va hosilga kirish uchun yana kutishga to‘g‘ri keladi. Bugunga kelib bir necha viloyatda gektarlab zaytun ko‘chati hosilga kirmoqda.

- Surxondaryo, Qashqadaryo, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Toshkent, Samarqand viloyatlarida zaytun ko‘chatlari katta maydonlarda ekilib odamlar birinchi yil zaytun moyini olamiz deb turibdi. Xalq shu o‘simlikni kutib turgan ekan. O‘zbekistonda zaytunamaniya boshlandi, - deydi Dilorom Yormatova.

Xalq orasida ekologik toza maxsulotga talab ortayotgani bois ham zaytun yetishtirishga qiziqish katta bo‘layotgani aytiladi.

Bundan tashqari zaytun moyi tabobatda turli xastaliklarga shifo sifatida ham ishlatiladi. Majoziy ma‘noda unga suyuq oltin deya nom ham berilgan. "Haqiqiy tibbiyot" kitobi muallifi, doktor Oydin Solih zaytun moyining foydalari haqida gapiradi.

- Zaytun moyi sochlarga surtilsa, hech qachon to‘kilmaydi. Yuzlarga surtilsa, yuzlar porlaydi va yosharadi. Ushbu moyni har kuni iste‘mol qilib turilsa hazm tizimi yaxshilanadi. Saratonga qarshi va jigar tozalashga nisbatan ishlatsa bo‘ladi. Qon aylanish tizimi mukammal holga keladi, - deydi Oydin Solih

Olimlar yaqin kelajakda zaytun moyi nafaqat dorivor sifatida balki inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan iste‘moldagi paxta yog‘ining o‘rnini bosishga ishonishmoqda. O‘simlik moylari bo‘yicha mutaxassis professor Dilorom Yormatova paxta yog‘i turli xastaliklarga sabab bo‘lishini aytadi.

- Paxta moyining tarkibida gossipol degan alkoloid bor. Moy zavodlari gossipolni tozalaydi, lekin yo‘qdan bor bo‘lmaydi, bordan yo‘q bo‘lmaydi degan tushuncha bor. Shuning uchun ma‘lum miqdorda doimo qolaveradi. Zarari shundaki jigar o‘sha zaharli alkoloidni o‘zida sintez qilib ushlab qoladi va gepatit kasalligining turli hil formalari kelib chiqaveradi. Jigarni ishdan chiqaradi va natijada jigar tserroziga olib keladi, - deydi Dilorom Yormatova.

Professor Yormatova yaqin 15 yil ichida O‘zbekiston zaytun, kungaboqar, soya va masxar kabi ekologik toza yog‘larga o‘tishiga ishonadi. Mutaxassis yuqoridagi yog‘larning ichida tarkibida 104 hil foydali elementi bo‘lgan zaytun moyini ko‘proq yetishtirish tarafdori. Zaytun mevasi butkul zararsiz bo‘lishi bilan birga udan uy sharoitida ham moy olsa bo‘ladi.

O‘zbekistonga zaytun ko‘chatini olib kelgan va uni ko‘paytirishda tashabbus ko‘rsatayotgan professor Dilorom Yormatova ushbu o‘simlikning O‘zbekistonda ommaviylashuvi uchun hukumat tomonidan maxsus dastur ishlab chiqarilishi lozimligini urg‘ulaydi.

"Hozircha hech qanday dasturlar yo‘q. Oliy majlisda ushbu mavzuni ko‘tarib chiqdim, ma‘ruzalar qilindi. Shu bilan qolib ketdi. Men zaytun bo‘yicha ilmiy markaz tashkil qilinsin. Mana shu ishni qilaylik deb aytganman", - deydi Dilorom Yormatova.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida asosan paxta va bug‘doy yetishtirish bilan shug‘ullanadi. 1 million 300 ming gektar maydonga paxta ekiladi. Xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston hukumatini paxtani yetishtirishda bolalar mehnatidan foydalanishda tanqid qilib keladi. Fermerlar esa so‘nggi yillarda yetishtirgan paxta uchun foyda ko‘rolmayotganini aytib keladi.

Mutaxassislar O‘zbekiston kamharj va mintaqa iqlimiga mos bo‘lgan bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishi kerakligini ta‘kidlashadi.