Vladimir Putin Yaqin Sharqqa safarini boshlagan

Image copyright Reuters
Image caption Putin ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan rus askarlari xotirasiga atab qurilgan haykalning ochilish marosimida qatnashadi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin dushanba kuni Yaqin Sharqqa yetti yil ichidagi birinchi safarini Isroil davlatidan boshlaydi.

Eron yadro loyihalari va Suriyada davom etayotgan mojarolar Isroil rahbarlari bilan uchrashuvda asosiy mavzu bo‘lishi aytilmoqda.

Isroil va Rossiya o‘rtasida mustahkam madaniy aloqalar mavjud bo‘lib, bu yerda sobiq Ittifoqdan kelgan milliondan ortiq kishi istiqomat qiladi.

Muxbirlarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar ko‘p hollarda ziddiyatli kechgan.

Vladimir Putin to‘rt yil bosh vazir bo‘lganidan so‘ng shu yil yana prezidentlik vazifasiga qaytgan.

Seshanba kuni janob Putin Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos bilan muzokara olib borganidan so‘ng, Iordaniyada qirol Abdulla bilan uchrashishi aytilgan.

Safar davomida Rossiya prezidenti ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan rus askarlari xotirasiga atab qurilgan haykalning ochilish marosimida qatnashadi.

Shundan so‘ng, janob Putin rusiy zabon tashqi ishlar vaziri Avigdor Liberman, prezident Shimon Peres va bosh vazir Benyamin Netanyaxu bilan uchrashadi.

Rossiya prezidentining safari oldidan Isroil tashqi ishlar vaziri Avigdor Liberman Interfaksga bergan intervьyusida "Rossiya bilan juda ishonchli aloqalar" shakllanganligini va shu boisdan ham Moskva Isroilning Suriya va Eron borasidagi mavqe‘ini tushunishiga umid qilayotganini aytgan.

"Suriyadagi vaziyat mavhum, hech narsani anglab bo‘lmaydi, kim va qachon hukumatga kelishi noma‘lum, bu bizning xavotirlarimizni yanada oshiradi. Shuning uchun yashirmaymanki, Suriyaga qurol yetkazilishi biz uchun og‘riqli mavzu", - degan janob Liberman. "Liviyada Muammar Qaddofiy ag‘darilgach, katta miqdordagi Liviya qurollari G‘azo mintaqasiga oqib kela boshladi, bu juda tashvishli", - deb ta‘kidlagan u.

Janob Libermanga ko‘ra, Eron yadro loyihalari haqidagi muzokaralar ham bir burchakka tiqilib qolgan. Shu sababli Isroil uchun "oltilik" a‘zosi sifatida Rossiyaning fikrini bilish qiziqarlidir.

O‘z navbatida Vladimir Putin Isroilning Eron yadro ob‘ektlariga harbiy hujumi "haqiqatdan fojeali" bo‘lishini bildirgan.

Ko‘pchilik isroilliklar Rossiyani Eron yadro ob‘ektlarini qurilishiga ko‘mak berganlikda ayblashadi.

Rossiyadan qurol-yarog‘ oladigan Suriyadagi inqiroz alohida mavzu sanalmoqda.

Isroil rasmiylari inqiroz haqida omma oldida fikr bildirishmagan.

2005 yil Rossiya prezidenti bo‘lgan Putin Isroilga birinchi bor safar qilgan.

U shuningdek G‘arbiy sohil va Misrga ham tashrif buyurgan.