Bishkek sobiq hokimi ikki oyga qamaldi

Image copyright b
Image caption Janob Tuleyev o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblarni rad etib keladi

Qirg‘iziston mahkamasi parlament deputati va Bishkek sobiq hokimi Narimon Tuleyevni ikki oyga ozodlikdan mahrum etgan.

So‘nggi uch kun davomida tergov izolyatorida saqlangan janob Tuleyev mahkama jarayonidan so‘ng ishonchli deb, Davlat Milliy Xavfsizlik xizmati hibsxonasiga olib ketilgan.

Narimon Tuleyev Bishkek shahar hokimi bo‘lgan paytda Xitoydan 200 ta avtobus sotib olishda poraxo‘rlikka qo‘l urganlikda ayblanmoqda.

Sobiq hokimning o‘zi barcha ayblovlarni rad etib keladi.

Tuleyev himoyachisi Sulton Boratovning aytishicha, kelasi besh kun ichida tuman mahkamasi hukmi yuzasidan shahar mahkamasiga shikoyat arizasi bilan chiqishmoqchi.

Narimon Tuleyevning qo‘lga olinishi Qirg‘izistonda keskin bahsu munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Tuleyev tarafdorlari buni "parlamentni qo‘rqitish va mutlaqo noqonuniy" amal ekanini aytib, uni zudlik bilan ozod etishni talab qilishmoqda.

"Aprel bayrog‘i" kabi ijtimoiy birlashmalar esa, aksincha, "Narimon Tuleyev ozodlikka chiqarilsa, ommaviy norozilik namoyishi" o‘tkazish bilan tahdid qilishgan.

Ayni paytda Narimon Tuleyev shifokorlari uning saraton kasaliga chalingani va ahvoli og‘ir ekanini aytishmoqda.

Ulardan biriga ko‘ra, Tuleyev avvalroq e‘lon qilgan ochlik amali uning ahvolini yanada yomonlashtirishi mumkin.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, deputat Tuleyev ustidan Qirg‘iziston Jinoyat Kodeksining "Korruptsiya" bandi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

U Xitoydan yetkazilgan 200 avtobusni ataylab qimmat bahoda sotib olganlik va bu bilan davlatga juda katta - qariyb bir yarim million AQSh dollari miqdorida zarar yetkazganlikda ayblanmoqda.