Saudiyalik ayollar ilk bor Olimpiya O‘yinlarida ishtirok etishadi

Image copyright Reuters

Saudiya Arabistoni rasmiylari mamlakat tarixida ilk bor xotin-qiz sportchilarga milliy terma jamoa tarkibida Olimpiada O‘yinlarida qatnashishlariga ruxsat bergan.

Ularning qarori London Yozgi Olimpiada o‘yinlariga sanoqli haftalar qolgan bir paytda yangramoqda.

Saudiya Arabistonidagi ko‘plab an‘anador musulmonlar xotin-qizlarning sport bellashuvlarida ishtirok etishlariga butunlay qarshilar.

Ammo endi mamlakat mas‘ullarining aytishlaricha, hammasi ko‘ngildagidek bo‘ladi.

Ularning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, London Olimpiada O‘yinlariga oz vaqt qolgani uchun ham, milliy terma jamoa safida bittagina ayol sportchi bo‘ladi.

Image copyright AFP
Image caption Dalma Rushdiy Malxas hozircha Saudiya Arabistoni Olimpiya terma jamoasi safidagi yagona ayol sportchidir

Dalma Rushdiy Malxas ot sporti bo‘yicha musobaqalarda ilk bor o‘z kuchini sinab ko‘radi.

Lekin, mas‘ullarga ko‘ra, qolgan xotin-qiz sportchilarida ham Olimpiadada ishtirok etish imkoniyati bor.

Va agar bu huquqni qo‘lga kiritishsa, "o‘z iffatlariga putur yetkazmaydigan libosda" bo‘lishadi.

Ya‘ni, saudiya arabistonilik xotin-qiz sportchilar keng, badanlariga yopishib turmaydigan maxsus libos va faqat sochlarini yopib turuvchi sport hijobida bo‘ladilar.

Sahna ortida kurash

Xotin-qiz sportchilarining Olimpiada O‘yinlarida qatnashishlariga ruxsat berish - Saudiya Arabistoni uchun oldinga qo‘yilgan muhim bir qadam.

Chunki mamlakatdagi aksariyat hanuz xotin-qizlarning jamiyat hayotida faolroq o‘rin tutishlarini istashmaydi.

Saudiya Podshohi Abdulla esa, gohida jadallik, gohida esa, sekinlik bilan mamlakatda islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga urinib kelmoqda.

Bundan bor-yo‘g‘i ikki oy burun ham ko‘pchilik saudiyalik mas‘ullar an‘anador dindorlarning so‘zlariga uchib, xotin-qizlarning sport bellashuvlaridagi ishtiroklariga qo‘yilgan taqiqni bekor qilmaydi, degan ishonchda bo‘lishgan.

Image copyright BBC World Service

Ammo so‘nggi haftalarda podshoh Abdulla boshchiligida sahna ortida qizg‘in muhokamalar kechgan va shu oy o‘rtalariga kelib, ular ijobiy bir qarorga kelishgan.

Saudiya Arabistoni podshohi uzoq yillardan beri jamiyat hayotida mamlakat xotin-qizlarining rolini kuchaytirishga tarafdorlik qilib keladi.

Xabarlardan ayon bo‘lishicha, so‘nggi qaror ham Jiddada o‘tgan maxfiy yig‘in chog‘ida podshoh, valiahd shahzoda, tashqi ishlar vaziri, diniy jamoat rahbari va Bosh muftiy tomonidan kelishib, berilgan.

Bu haqda o‘sha paytning o‘zida rasman e‘lon qilinishi rejalangan esa-da, valiahd shahzoda Nayyefning kutilmagan o‘limi ularning rejalarini ortga surib yuborgan.

Saudiyalik mas‘ullarga ko‘ra, xotin-qizlarining Olimpiada O‘yinlarida ishtirok etishlariga qo‘yilgan rasmiy taqiq xalqaro sahnada chiroyli ko‘rinmagan.

Bu - Saudiya podshohlik oilasining an‘anador dindorlarning xohishlariga qarshi borib, ilk bor xotin-qizlarning ijtimoiy roli haqida ijobiy qaror berishi emas.

Deylik, 60-yillarda Saudiya Arabistonida televideniyega ruxsat berib, so‘ngroq o‘ldirilgan podshoh Fayzal ham qizlarning o‘rta ta‘lim olishlari tarafdori bo‘lgan.

Uning sharofati bilan bugun Saudiya Arabistonida maktab bitiruvchilari orasida o‘g‘il bolalardan ko‘ra, qizlarning soni ko‘p ekani aytiladi.