Imomali Rahmon: Agar tinchlikni o‘rnatmasak, millatkush bo‘lib qolardik

Image copyright BBC World Service
Image caption Imomali Rahmonning aytishicha, Tojikistonda fuqarolar urushiga yakun yasash oson bo‘lmadi

Tojikiston prezidentining aytishicha, agar 15 yil muqaddam tojiklar o‘rtasida sulh bitimi imzolanmaganida edi, raqib taraflar tarixda "millatkushlar" sifatida qolishardi.

Bu haqda Imomali Rahmon Tojikistonda "Tinchlik Bitimi" imzolanganining 15 yilligini nishonlash marosimida gapirdi.

U Tojikistonda tinchlikka erishish oson bo‘lmaganini aytdi.

Tojikiston prezidenti mamlakatda qisqa muddat ichida tinchlik bitimining imzolanishini "tarixda kam uchraydigan hodisa" deya ta‘rifladi.

Janob Rahmonning aytishicha, Tojikistonda tinchlikni o‘rnatish uchun u sobiq muxolifat vakillari bilan 20 dan ortiq rasmiy va yana o‘nlab norasmiy uchrashuvlar o‘tkazgan.

Dushanbe shahridagi "Borbad saroyi"da chiqish qilgan Prezident Rahmon Birlashgan Tojik Muxolifatining marhum rahbari Sayid Abdullo Nuriy bilan bo‘lgan muloqotlaridan birini eslar ekan shunday dedi:

"Marhum Sayid Abdullo Nuriy bilan bo‘lgan muloqotlardan birida men: "agar biz va siz tinchlikka erishmasak, tarixda millatkush insonlar sifatida qolamiz, deb aytdim".

Janob Rahmon, shuningdek, tinchlik muzokaralarida qatnashgan barcha taraflar, Tojikiston Milliy Yarashish Komissiyasi hamda xalqaro tashkilotlar va dunyo davlatlariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

"Millatning har bir or-nomusli vakili bu qimmatli va muqaddas ne‘matni, ya‘ni milliy birdamlikni asrab-avaylaylik hamda vatando‘st va vatanparvar yoshlarni tarbiyalashga harakat qilaylikki, ular ham kelajakda bu qimmatbaho gavharni asrab-avaylay olsinlar", - deb aytdi Tojikiston prezidenti.

"Oppozitsiya qolmadi"

Prezident Rahmonning aytishicha, tinchlik jarayonida ishtirok etgan tarafalar bajargan eng yaxshi ish - "tojik millatini ajdodlar vataniga to‘plash bo‘ldi".

Uning ilova qilishicha: "Shoyad ba‘zilar mansab tegmadi, deb gila qilishar, ammo biz og‘ir kunlarni unutmasligimiz kerak va bugun bizning jamiyatimizda oppozitsiya, muxoliflar deyarli qolmadi".

Imomali Rahmon, shuningdek, mamlakati hali yosh davlat ekani va bir ming bitta qiyinchiliklari borligini aytdi: "Taraqqiyot uchun minglab yillar lozim bo‘ladi".

Uning ta‘kidlashicha, davlatchilik va istiqlolni mustahkamlash uchun "xorijiy og‘alar"ga umid qilmaslik zarur.

"Xorijiy og‘alar umidida bo‘lmang, o‘z kamchiliklarimizni o‘zimiz yaxshiroq bilamiz va o‘zimiz isloh etamiz", - dedi Imomali Rahmon.

Majlisda asosan davlat muassisalari xodimlari, hukumat mulozimlari va xorijlik diplomatlar to‘plangandi.

Saroyda tinchlik jarayonida ishtirok etgan boshqa taraf vakillari ham bor edi, ammo ular ma‘ruza qilishmadi.

1997 yil 27 iyunida Moskvada imzolangan "Tinchlik bitimi" har yil ayni kunda Tojikistonda rasmiy bayram sifatida nishonlanadi.

Dushanba shahar rasmiylariga ko‘ra, chorshanba kuni shahar parklari va xiyobonlarida xalq sayllari bo‘lib o‘tadi.