Din korruptsiyaga qarshi kurashga yordam bera oladimi?

Tojikiston aholisining yarmidan ko‘prog‘iga ko‘ra, mamlakat siyosiy hayotida dinning roli oshirilishi lozim. Ammo islomiy davlat barpo etilishining keragi yo‘q.

Bu haqda Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti hamda Tojikistondagi "Korshinos" ijtimoiy-siyosiy tadqiqotlar markazining yangi hisobotida aytiladi.

Ammo, tadqiqot natijalariga qaralsa, ularning orasida islomiy davlatda yashashni orzu qilayotganlari ham yo‘q emas ekan.

Ya‘ni, tadqiqot jarayonida so‘rov ishtirokchilarining 7 foizi ana shunday istakni bayon etishgan.

Ularga ko‘ra, islomiylashuv korruptsiyaga qarshi kurashda yordam beradi va jamiyatda odob-axloqning yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Tojikistondagi islomiy radikallashuv muammosini o‘rganishni maqsad qilgan tadqiqot ishlari butun mamlakat bo‘ylab olib borilgan.

Hisobot mualliflari o‘z faoliyatlari davomida mamlakatning shaharlaridan ko‘ra, islomiylashuv jarayoni faolroq kechayotgan qishloq hududlariga alohida e‘tibor qaratishgan.

Agar raqamlarga qaralsa, Tojikistondagi e‘tiqodli musulmonlarning 70 foizdan ortiqrog‘i qishloq joylarida yashashadi.

Din kuchayib bormoqda

Tojikiston aholisining urg‘ulashicha, so‘nggi o‘n yilliklarda din jamiyat hayotida muhim o‘rin tuta boshlagan.

Odamlar ham fuqaroviy idoralardan ko‘ra, diniylariga ko‘proq ishona boshlashgan.

Ular oilaviy mojarolar, qarzdorlik va ajralish masalalarini hal qilishda diniy idoralarni afzal biladigan bo‘lishibdi.

Hammadan ko‘p mullalarga murojaat etayotganlar esa, yana qishloq aholisi bo‘lib chiqibdi.

Ammo Tojikiston shaharlarida ham amaldorning fikridan ko‘ra, din peshvolarining o‘gitlarini ma‘qul ko‘ruvchilar soni shiddat bilan o‘sib bormoqda ekan.

Tadqiqot jarayonida qo‘lga kiritilgan ma‘lumotlarga qaralsa, mamlakat aholisining bor-yo‘g‘i 3 foizi yaxshi diniy ta‘lim olishgan ekan.

Yigirma foizga yaqinining esa, o‘zlarining islomiy bilimlaridan qoniqmasliklari ayon bo‘libdi.

Tojikistonlik yosh mullavachchalar o‘z diniy bilimlarini oshirish uchun Eron, Misr, Saudiya Arabistoni va Pokistonga borib, tahsil olishni orzu qilisharkan.

Ularning bu intilishlari tojikistonlik mas‘ullar tomonidan ma‘qullanmasligi ham bor gap.

Chunki mas‘ullar bu yo‘l bilan Tojikistonga noan‘anviy islomiy oqimlar kirib kelishidan qo‘rqishadi.

O‘z o‘rnida shuni ham ta‘kidlash joizki, mamlakat aholisining yarmiga yaqini o‘z hukumatlarining xavotirlariga qo‘shilisharkan.

Ularga ko‘ra, chetda diniy tahsil olishning oqibatlari yomon bo‘lishi mumkin.

So‘rov ishtirokchilari xorijiy madrasalar bitiruvchilari orasida radikallashuvning kuchayib borayoganidan ham tashvishda ekanlar.

Korruptsiyaga qarshi radikallashuv

Tojikistondagi aksariyatning nazdida islomiy radikallashuvning kuchayishida ijtimoiy-iqtisodiy muammolar ham o‘z ta‘siriga ega.

"Iqtisodiy muammolar xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatga bevosita ta‘sir qiladi. Joriy paytda ekstremistik guruhlar hukumatni o‘z ishini eplolmayotganlikda tanqid qilishadi. Bu esa, aholining e‘tiborini jalb etmay qolmaydi", deyiladi hsiobotda.

Ammo, yangi hisobotda ta‘kidlanishicha, "hukumat ushbu masalaga jiddiy e‘tibor bermay, iqtisodiy qiyinchiliklar sabab kelib chiqishi mumkin bo‘lgan g‘alayonlar ehtimolini rad etib kelmoqda. Mamlakat aholisi esa, muammoning yechimini ishsizlik va qashshoqlikda ko‘radi".

Bundan tashqari, hisobotda mehnat muhojirligi ham islomiy radikallashuv manbalaridan biri sifatida tilga olinadi.

"Tojikistondagi aksariyat mehnat muhojirligida band yaqinlari yuborayotgan mablag‘ va xalqaro insonparvarlik yordamlari evaziga kun kechirishadi. Mehnat muhojirlari asosan Rossiya va Qozog‘istondan yuborayotgan pullar mamlakat iqtisodini bir maromda ushlab turibdi. Deylik, Rossiyada iqtisodiy vaziyat o‘zgargudek bo‘lsa, minglab ishsiz yoshlarning ortga qaytishi shundoq ham o‘ynab turgan ana shu muvozanatni buzib yuborishi mumkin".

Tojikiston aholisining yarmidan ko‘prog‘i esa, ekstremizm muammosidan tashvishdan ekanlar.

Ularning nazdlarida Tojikistonda faoliyati taqiqlangan diniy guruhlar mamlakatga xavf soladi va jamiyatda jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, mamlakatdagi dindorlar bu kabi guruhlarning g‘oyalari haqidagi ma‘lumotlarni aksariyat hollarda ommaviy-axborot vositalaridan olishadi va rasmiy diniy idoralar esa, bu masalaga anchayin ehtiyot bo‘lib yondashishadi.