"Qiynoq qurbonlari BMT orqali adolat talab qilgani uchun ta‘qib etilmasin"

Image copyright Reuters
Image caption BMTga ko‘ra, davlatlar zimmasida qiynoq qurbonlarini himoya qilish vazifasi bor

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bayonot tarqatib, dunyo davlatlaridan BMTdan adolat istagan qiynoq qurbonlarini ta‘qib etmaslikni talab qilgan.

Ushbu talab 26 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining "Xalqaro qiynoq kurbonlariga yordam kuni" yangragan.

15 yil muqaddam BMT Bosh Assambleyasi 26 iyunni "Xalqaro qiynoq qurbonlariga yordam kuni" deya elon qilgandi.

Seshanba kuni tarqatgan bayonotida BMT hukumatlar zimmasida qiynoq qurbonlarini himoya qilish vazifasi borligini eslatgan.

Biroq BMT Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga ko‘ra, tergov paytida va yo qamoqda ekan qiynoqqa tutilgan shaxslar, agar xalqaro tashkilotlarni bu haqda xabardor etsalar, qatag‘onlarga duchor bo‘lmoqdalar.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qiynoqlarga qarshi konventsiyasini bir yuz qirq ikki mamlakat ratifikatsiyadan o‘tkazgan bo‘lsa-da, biroq qiynoqlarga chek qo‘yilgan, deb aytish hali erta.

"O‘zboshimchalik bilan hibsga olingan shaxs adolat istab, Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi bo‘linmalariga murojaat qiladi. BMT ishni uning foydasiga hal qilgach, bu shaxs, o‘z haq-huquqlarini himoyasiga ochiq gapirgani uchun, jiddiy ta‘qiblarga uchraydi," - deya ta‘kidlanadi BMT bayonotida. - "Unga tibbiy yordam ko‘rsatilmaydi, izolyatorga tashlanadi va qamoqxona nozirlari tomonidan kaltaklanadi".

Qiynoqlarga tutilgan shaxslar da‘volari BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi va BMT Inson Huquqlari Kengashi mustaqil ekspertlari tomonidan ko‘rib chiqiladi.

"Ko‘plab mahbuslar o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib, ular bilan uchrashgani hibsxonaga borgan BMTning Qiynoqlar bo‘yicha ma‘ruzachisiga qanday qiynoqqa tutilganliklari va ularga qilingan yomon munosabat haqida so‘zlab berishadi", - deyiladi BMT bayonotida.

BMTga ko‘ra, u bilan hamkorlik qilgan insonlarning ta‘qib etilishi "xalqaro qonunlarning buzilishidir" va bu holatni "aslo qabul qilib bo‘lmaydi.

Ta‘qiblarni oldini olishning samarali usullari mavjud, aks holda aloqador shaxslar va davlat javobgar bo‘ladi", deyiladi BMT bayonotida.

O‘zbekistonda qiynoqlar

Image caption BMT ma‘ruzachisi O‘zbekistonda qiynoqlar "muntazam" qo‘llanishini aytadi

10 yil muqaddam O‘zbekistondagi ba‘zi jazoni o‘tash muassisalarini borib ko‘rgan BMTning qiynoqlar bo‘yicha sobiq ma‘ruzachisi Teo Van Boven, mamlakatda qiynoqlar "muntazam qo‘llanadi", degan xulosaga kelgan edi.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonda qiynoqlarga bog‘liq vaziyat umuman o‘zgarmaganini aytishadi.

Teo Van Boven hisobotida ta‘kidlanishicha, tergovchilar, prokuror va hakamlar qiynoqlarga aksar hollarda "yuzaki" qarashadi.

O‘zbekiston hukumati gumondor shaxslar yoki mahkumlarni qiynoqqa tutish hollari uchrab turishini tan olsa-da, qiynoqlarning "muntazam" qo‘llanishini inkor etadi.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi guruhlarning aytishlaricha, qiynoqlar va insonni xaqorat qiluvchi munosabat hamon keng qo‘llanilmoqda.

O‘zbekistonlik sobiq mahkumlar va inson huquqlari faollariga ko‘ra, xalqaro tashkilotlar mahbuslar sharoitini tekshirish uchun qamoqxonaga tashrif buyurishlari arafasida qiynoqlar va noinsoniy munosabat haqida ochiq gapirishga botina oladigan mahkumlar vaqtincha, o‘zga qamoqxonalarga ko‘chiriladi yoki izolyatorga tashlanadi.