O‘zbekiston: "MTS O‘zbekiston" faoliyatida qator qonunbuzarliklar aniqlandi

Image copyright mts.ru
Image caption "MTS O‘zbekiston" shirkatida qator qonunbuzarliklar aniqlangan

O‘zbekiston davlat aloqa inspektsiyasi "MTS O‘zbekiston" markasi ostida faoliyat yurituvchi "O‘zdunrobita" shirkati faoliyatida bir qator qonunbuzarliklarni aniqlagan.

Davlat aloqa inspektsiyasi qonunbuzarliklar o‘z vaqtida to‘g‘rilanmasa, shirkat faoliyatini to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini bildirgan.

Bungacha MTSning O‘zbekistondagi rahbari Begzod Ahmedovning qochib ketgani haqida xabar chiqqan edi.

Kuzatuvchilar O‘zbekiston rahbariyati mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorij shirkatlarni tortib olish yoki o‘rnini boshqa shirkatlarga bo‘shatish maqsadida turli kamchiliklar topayotganlikda ayblashadi.

O‘zbekiston davlat aloqa inspektsiyasi tekshiruvlar natijasida "O‘zdunrobita" shirkati respublika bo‘ylab 48 ta stantsiyani noqonuniy ravishda ishlatib kelganini aniqlagan.

Bundan tashqari abonentlar tomonidan kelib tushgan murojaatlarda uyali aloqa kompaniyasining ayrim joylarda sifatsiz xizmat ko‘rsatgani ko‘rsatilgan.

Davlat aloqa inspektsiyasi, yuqorida zikr etilgan qonunbuzarliklar o‘z vaqtida to‘g‘rilanmasa, kompaniyaga berilgan litsenziya olib qo‘yilishi mumkinligini aytgan.

Bu "MTS O‘zbekiston" markasi ostida faoliyat yurituvchi "O‘zdunrobita" shirkati atrofidagi ilk yangilik emas.

Bungacha qator ommaviy axborot vositalari Rossiyaga tegishli ushbu shirkatning O‘zbekistondagi rahbari Begzod Ahmedov, yalpi tekshiruvlar boshlanishi natijasida kamchiliklar aniqlangach, qochib ketgani haqida xabar berishgandi.

Kompaniyaning Rossiyadagi bosh ofisi shirkat rahbarining g‘oyib bo‘lishi haqida biror izoh bermasligini ma‘lum qildi.

Jurnalist va huquq faoli Abdurahmon Tashanov "O‘zdunrobita" bilan bog‘liq tekshir tekshirlar ushbu sohada mo‘may pul aylanishi bilan izohlaydi.

"Mobil operatorlari O‘zbekistonda monopolga aylangan va kichik xususiy shirkatlarga yo‘l bermaydi. Ular juda ham katta foyda nuqtalariga aylangan. Shuning uchun ham O‘zbekiston rahbariyati bu kompaniyalarning rahbarlarini almashtirib yoki moliyaviy qing‘ir ishlarini legallashtirib turadi. Mobil operatorlarifoyda keltiradigandan ko‘proq foyda keltiruvchi soha bo‘lmasa kerak", - deydi Abdurahmon Tashanov.

Eski tajriba

O‘zbekistonda xorij shirkatlarini qonunbuzarlikda ayblab, ular faoliyatiga chek qo‘yish yoki kasod deb e‘lon qilish hollari ilk marotaba kuzatilayotgani yo‘q.

Bungacha tekstil sohasida faoliyat yuritgan bir necha turk shirkati faoliyatini to‘xtatilib, xorijlik sarmoyadorlar hibsga olingan.

Shu kunlarda kosmetik maxsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Rossiyaning Faberlik shirkati O‘zbekistonda faoliyatinpi to‘xtatish arafasida turganini ma‘lum qildi.

O‘zbekiston hukumati doiralarida manbaga ega bo‘lgan uzmetronom.com saytining yozishicha, Faberlik shirkati faoliyatini to‘xtatgan.

Ammo hukumatga yaqin yana bir sayt 12.uz Faberlik ni 3 oy davomida tegishli organlar tekshirgani va bu vaqt ichida shirkat faoliyati to‘txatilganini hamda yaqin kunlarda shirkat o‘z ishini davom ettirishi mumkinligini aytib chiqdi.

2011 yili O‘zbekiston kosmetik mahsulotlar sotish bilan shug‘ullanuvichi Oriflame O‘zbekiston qonunlarini buzganlikda ayblangan va faoliyati to‘xtatilgandi.

Jurnalist va huquq faoli Abdurahmon Tashanov xorij sarmoyadorlarining O‘zbekistonda uzoq muddat faoliyat yurita olmasligiga respublikada ularning ishlashi uchun sharoit yo‘qligi bilan izohlaydi.

"Biznesmenlar va sarmoyadorlarning O‘zbekistondan chiqib ketishining asosiy sababi sharoit deb hisoblayman. Ishlab chiqarish korruptsiya bilan birlashib ketgan. Va bundan sarmoyadorlar ham chetda qololmayapti", - deydi Abdurahmon Tashanov.

Kuzatuvchilar O‘zbekiston hukumati 8 yildan beri respublikada faoliyat yuritayotgan "O‘zdunrobita"ni yopish va ushbu biznesni boshqa sarmoyadorlarga olib sotish harakatini boshlaganini ham taxmin qilishadi.