Matbuot kuni: "yo‘q erkinlik haqida gapirish mumkinmi?"

Image caption "18 yil taxtda bo‘lgan Brejnev davrini eslatadi bugungi O‘zbekiston"

27 iyun-O‘zbekistonda matbuot xodimlari kuni. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston matbuot erkinligining ahvoli eng yomon bo‘lgan davlatlar qatoridan mustahkam o‘rin olgan.

Prezident Islom Karimov o‘tgan yillarda jurnalistlarni yetarlicha jasorat ko‘rsata olmayotganlari uchun tanqid qilgan.

Ammo davlat matbuotida ishlaydigan o‘zbek jurnalistlaridan birining yozishicha, Prezident ta‘biridagi "jasorat ko‘rsatish"ning "matbuot erkinligi" tushunchasiga aloqasi yo‘q.

Quyida jurnalistning mulohazalari bilan tanishasiz.

"Matbuot erkinligi" degan jumla faqat Konstitutsiyada qolgan. O‘nga yaqin qonun bor. Birontasi ishlamasa?.. Jurnalist deganni itdan battar yomon ko‘rishsa...

Bugungi kunda O‘zbekistonda mutlaqo so‘z erkinligi, matbuot erkinligi, erkin fikr bildirish imkoni yo‘q.

Oddiy bozordagi pattachining faoliyatidan tortib, to eng yuqori hokimiyat idoralari vakillariga doir informatsiya qariyb davlat siri sifatida berkitilsa... Nazarimda, bugungi o‘zbek jamiyati hech bir mubolag‘asiz Shimoliy Koreya yo‘lidan dadil ketayapti va bu ahvol keyingi o‘n yil ichida umuman yaxshi tomonga o‘zgarmadi va o‘zgarishi ham kutilmayapti...

Achinarli tomoni shundaki, olib borilgan mazkur siyosat o‘zining mevasini berayapti. Masalan, yoshlar orasida mahdudlik, kimningdir soyasiga salom berish evaziga manfaatga erishish mumkinligi kundek ravshan. Yosh jurnalistlar va umuman o‘zbek yoshlari orasida bugun ana shunday manqurtona fikrlovchi avlod yaratildi.

Chunki, keyingi yillardagi kuzatishlarimiz - matbuotimizda jamiyatdagi qusurlar, kamchiliklar haqida ochiq yozish yoki ularga nisbatan xolis baho berish kabi chiqishlarga o‘rin berilmayapti. Isbot shuki, har qanday islohot yoki o‘zgarish faqat va faqat bir kishi nomi bilan, ya‘ni Prezident rahnamoligida olib borilayotgani kundalik matbuotda ustivorlikka erishdi.

Albatta, qaysidir ma‘noda tanqidiy ruhdagi materiallar berilayotgandek. Ammo ularning asl mohiyatiga e‘tibor bersangiz, barchasi SNB, Sovbez va hukumat idoralari ko‘rsatmasi bilan tayyorlanadi. Ularning aksariyati, qizig‘i shundaki, yana o‘sha matbuotning o‘ziga qarshi qaratilgan.

Bas shunday ekan, o‘zbek matbuotining bugungi ahvoli haqida gapirishning o‘zi kulguli. Yo‘q erkinlik haqida gapirib bo‘ladimi?

AQSh Prezidenti Tomas Jefferson "Bizning erkinligimiz matbuot erkinligiga bog‘liq" degan edi. Matubot erkin bo‘lmagan o‘zbek jamiyatini erkin deyishga istihola qilaman.

Yaqinda "Olam.uz" saytida qiziq so‘rov o‘tkazildi. "Qaysi davlat idoralariga pora to‘lagansiz?" degan mavzuda. Menga savoldan ko‘ra izohlar ko‘proq yoqdi. Chunki, har bir izohda "har qanday ish uchun, u tibbiyot bo‘ladimi, propiska bo‘ladimi, biznes ochish bo‘ladimi, barcha-barcha davlat idoralari, militsiyadan tortib soliq, mahalla qo‘mitasidan tortib, bolalar bog‘chasiga qadar pora berishga majburmiz" deyilgan. Bu esa O‘zbekistonda poraxo‘rlik, korruptsiya davlat hokimiyati darajasida ekanini isbotlab turibdi.

Oddiygina bir misol. Xalq manfaatini himoya qilish uchun xalq saylagan vakillar (deputatlarni nazarda tutayapman) xalqqa qarshi, Konstitutsiyaga qarshi qonunlar qabul qilishda davom etayapti. Masalan, Toshkent shahrida propiska to‘g‘risidagi qonunni olaylik. Konstitutsiyada "O‘zbekiston fuqarolari mamlakat hududida erkin yashash va ishlash joyini tanlash huquqiga ega", deb yozilgan. Qabul qilingan qonun esa antikonstitutsion!

Tobora temir panjaralar ortiga berkinayotgan bugungi o‘zbek jamiyatini, mamlakatni bunday bo‘hrondan chiqarish esa xali juda qimmatga tushadi. 18 yil taxtda bo‘lgan Brejnev davrini eslatadi bugungi O‘zbekiston. Buni qarangki, o‘sha paytlarda ham ozroq erkin fikrlovchilar, mulohaza bildira oladiganlar, KPSSdan o‘zgacha dunyoqarashga ega insonlar bo‘lgan. O‘zbekistonda esa hamma bir xil fikrlash va o‘ylashga majbur qilinayapti.