Rossiyada o‘shlik o‘zbekni Qirg‘izistonga topshirish bo‘yicha qaror chiqarildi

Image caption Mamir Ne‘matov milliy nizolarga aloqasi yo‘qligini aytmoqda

Rossiya Bosh prokuraturasi 24 yoshli o‘shlik Mamir Ne‘matovni Qirg‘izistonga ekstraditsiya qilish yuzasidan qaror bergan. Mamir Ne‘matov 2010 yil iyunida O‘sh va Jalolobodda kechgan etnik zo‘ravonliklarda qo‘li bo‘lgani gumon qilinmoqda.

Rossiya bugungacha Qirg‘izistonning etnik o‘zbeklarni topshirish borasidagi talabiga quloq tutmay kelayotgandi.

Mamir Ne‘matov o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni mutlaq rad etgan. U qonli hodisalarda ishtirok etmagani va yosh o‘zbek yigitlariga bo‘lgan tazyiqlar tufayli Rossiyaga qochib borganini aytmoqda.

Ne‘matov Tatariston Oliy sudining ekstraditsiya qarori yuzasidan Ovro‘po mahkamasiga murojaat qilmoqchi ekanini bildirgan.

Mamir Ne‘matovni himoya qilayotgan "Boshpana huquqi" dasturi rahbari Yelena Ryabininaga ko‘ra, ularning sud qarori ustidan qilgan shikoyatlari Tatariston Oliy mahkamasi tarafidan rad etilgan.

"Ushbu raddiya umuman sog‘lom aqlga sig‘maydiganlaridan. Chunki, 14 iyun kuni Rossiya Oliy sud plenumi chiqargan qaroriga muvofiq Tatariston mahkamasining Ne‘matovning ishi yuzasidan chiqargan qarorida ziddiyatli nuqtalar borligi aytilgan. Shunga qaramay, mahkama bizning aziramizni rad qildi", deydi Yelena Ryabinina.

Unga ko‘ra, qirg‘iz tomoni Ne‘matovning 2010 yilgi ommaviy tartibsizliklarda aloqasi borligi haqidagi ayblovlar yuzasidan aniq dalillar taqdim etilmagan.

"Unga qo‘yilgan ayblovlarni an‘anaviy deb atasak bo‘ladi. Kelib chiqishi O‘shdan yoki Jaloloboddan bo‘lgan etnik o‘zbeklar zo‘ravonlik, qotillik va hokazo jinoyatlarda ayblanishmoqda. Lekin, qirg‘iz tomoni taqdim etgan hujjatlarga qarasangiz bir-biriga ulanmagan faktlarni ko‘rasiz. Bu narsa ayblanuvchiga qarshi ish soxtalashtirilganiga ishora qiladi. Bu ham, agar Ne‘matov ekstraditsiya etilsa, uning mustaqil mahkamaga tortilishi yuzasidan shubhalarni uyg‘otadi. U o‘zining qonli hodisalarga aloqasi yo‘qligini isbotlab berishi uchun imkon berilishi va mahkama uning ko‘rsatmalariga quloq tutishiga biz ishonmaymiz", deydi u.

Ryabinina xonim Mamir Ne‘matov Qirg‘izistonga qaytarib yuboriladigan bo‘lsa, uning qiynoqqa solinishi ehtimolini rad etmaydi.

Xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkilotlari ham qiynoqlar Qirg‘izistonda keng tarqalgani, 2010 yilgi millatlararo nizolar ortidan, ayniqsa, etnik o‘zbeklarni asossiz hibs olish va tergov davomida qiynoqqa solish hollari ko‘paygani haqida aytishgan.

O‘sh va Jalolobod hodisalari ortidan qamoqxonada o‘lim hollari ham kuzatilgandi.

"Qirg‘izistonda hozir vaziyat shundayki, 2010 yil iyunidagi hodisalarda aloqasi borligi gumon qilinganlar uchun mustaqil adliya tizimi yo‘q deyish mumkin. Qamoqxonalarda odamlarni qiynash hollari keng tarqalgan. Ayniqsa, o‘zbek millatiga mansub ayblanuvchilarga shafqatsizlik qo‘llaniladi. Mamir Ne‘matov ham shunday qiynoqlarga duch kelib, har qanday to‘qima ayblovlarni bo‘yniga olishiga shubha yo‘q", deydi Yelena Ryabinina.

Aytilishicha, Mamir Ne‘matov 2011 yil noyabridan beri Qozon shahar tergov hibsxonasida saqlanmoqda. U qochqinlik maqomini so‘rab murojaat qilgan, ammo rad javobini olgan.

Ne‘matov rad javobiga qarshi ariza topshirgani va ushbu arizani ko‘rib chiqish jarayoni hozir ham davom etayotgani aytiladi.

"Qochqinlik maqomini so‘raganlarni majburiy o‘z mamlakatlariga qaytarish Rossiya qonunlariga ziddir", deydi rossiyalik inson huquqlari faoli Ryabinina xonim.