"Parlamentga mini yubkada kelmang, soch-soqolingizni qirtishlang"

Image copyright Reuters

Qirg‘iziston parlamentining reglament va deputatlar etikasi bo‘yicha qo‘mitasi vakillarning qanday libosda kelishlariga oid yangi nizomni ma‘qullagan.

K-NEWS axborot agentligi tarqatgan xabarda aytilishicha, unda deputatlarning parlamentga "rasmiy faoliyatlariga muvofiq tarzda kiyinib kelishlari" shart qilib qo‘yilgan.

Ularga hidi nihoyatda o‘tkir pardozlik buyumlaridan foydalanmaslik, pardoz-andozlarini haddidan oshirmaslik va taqinchoqlarini ko‘paytirib yubormaslik tavsiya etilgan.

Ayol deputatlardan, yana shuningdek, ishbop kostyum-yubka va ko‘ylakda yurishlari so‘ralgan.

Liboslarining rangi ham ko‘kish, qahvarang, kulrang va yerrang bo‘lishi ma‘qul ekani aytilgan.

Ularning kalta libos yoki shortikda yurishlari qat‘iyan man etilgan.

Ipak to‘rli, tafta, zarbof, shifondan tikilgan, zar urib bezatilgan yoki munchoqli ko‘ylakda yurishlari ham taqiqlangan.

Yoqasi ochiq kofta, sarafan, yelkasi, orqasi yoki oldi ochiq liboslardan ham o‘zlarini tiyishlari maslahat berilgan.

Nizomda ayol deputatlarning, hatto, qanday poyafzalda yurishlari shart ekani ham aytilgan.

Ayon bo‘lishicha, ularning sport yoki plyajda kiyiluvchi oyoq kiyimlari, sandali yoki shippakda yurishlari man etiladi.

Erkak deputatlarga-chi?

Nizomdagi tartib-qoidalardan erkak deputatlar ham bir chetda qolishmagan.

Ulardan ham parlamentga ishbop kostyum-shimda kelishlari so‘ralgan.

Kostyum-shimlarining rangi qora, kulrang, och-kulrang, to‘q ko‘k, yerrang va qahvarang bo‘lishi so‘ralgan.

Ko‘ylak va galstuklarining rangi kostyumlarining rangiga mos bo‘lishi shartligi ham aytilgan.

Ish joylarida soqollari qirtishlab olingan va mo‘ylovlari yaxshilab tarashlangan qiyofada bo‘lishlari talab qilingan.

Yana shuningdek, parlament binosida shalvirab turgan sviter yoki sport kostyumlarida yurishlari taqiqlangan.

Axborot agentligi tarqatgan xabardan ayon bo‘lishicha, nizomning ijrosini nazorat qilish mas‘uliyati "Ata-Meken" partiyasidan deputat Asiya Sasikboyevaga yuklatilgan.

Yangi qarordan maqsad - har doim ham kiyinish tartib-qoidalariga rioya etmaydigan parlament xodimlari va deputatlarining intizomini yaxshilash ekani aytiladi.

Agar qo‘mita farmoyishini parlament ham qo‘llab-quvvatlasa, u sentyabr oyidan boshlab Joqorg‘u Keneshda amal qilishni boshlaydi.