O‘zbekistondagi barcha yo‘lovchilar tekshiriladi

O‘zbekistondagi barcha avtovokzal va stantsiyalarda yo‘lovchilar tekshiriladi.

Ichki ishlar vazirligi qarori bilan yo‘lovchi avtovokzallari va bekatlarida o‘tish tartibi yo‘riqnomasi tasdiqlangan.

Endi barcha vokzallarda o‘tish nuqtasi tashkil qilinib, yo‘lovchilar Toshkent shahrida allaqachon yo‘lga qo‘yilgan metall detektorlar orqali o‘tadi.

Kuzatuvchilar O‘zbekiston rahbariyati haddan ziyod ogohlikka e‘tibor berayotganini va ba‘zi hollarda bu fuqarolarning huquqini cheklayotganini aytishadi.

30 iyundan boshlab kuchga kiruvchi qarorga muvofiq, barcha vokzal va avtobekatlarda nazorat o‘tish nuqtasi tashkil qilinadi.

Yo‘lovchilar ushbu yo‘lakdan kirib chiqadi va shubhali deya topilganlar maxsus metall detektorlar, bo‘lmagan taqdirda esa militsiya xodimlari tomonidan tekshiriladi.

Nazoratchilar sumkalarda olib yurish taqiqlangan, xavfli buyumlarni tekshiradi.

Shuningdek, tanlov asosida fuqarolarning pasport ma‘lumotlari ham tekshiriladi. Kerak bo‘lgan holatda esa, maxsus itlarning xizmatidan ham foydalaniladi.

Toshkent shahar vokzali mas‘uli bunday tekshiruvlar xavfsizlik maqsadida 1 yildan beri o‘tkazilishini aytadi.

"Bizda bu narsalar bir yil oldin tashkil qilingan. Hammayoq yopiq, bitta eshikda metall detektor joylashgan, o‘sha yerdan o‘tadi. Ikkita militsiya xodimi qo‘l detektor bilan turibdi. Tekshirib o‘tkaziladi, hamma joyda video nazorat bor", - deydi vokzal xodimi.

O‘zbekiston hukumati xavfsizlikni eng ustivor masala qatorida ko‘radi. Qaror chiqishidan oldin ham poytaxtdagi avtovokzal, metro va aeroport binolarida xavfsizlik choralari joriy qilingan.

Ogohlik

Har bir metro bekatida diktor bekat nomini aytishi bilan birga, yo‘lovchilarni ogohlikka chorlaydi.

Metro bekatlari va vagonlarida reklama plakatlarining o‘rnini ogohlikka chaqiruvchi murojaatlar egallagan.

Qashqadaryodan Toshkentga kelib ishlovchi Abdulaziz xavfsizlik choralarining kuchaytirilishida notabiiylik ko‘rmayotganini aytadi.

- Men o‘zim uchun javob bera olaman, hech qanday noqulayligi yo‘q. Tekshirgani yaxshi, bemalol, bexavotir yurasiz. Ogohlik yaxshi narsa, - deydi Abdulaziz.

Ushbu qaror qator internet nashrlarida ham muhokamalarga sabab bo‘lgan. Uni ma‘qullagan ham bor va o‘z navbatida tanqid qilganlar ham uchraydi.

"Ahmoqlik, endi odamlar katta katta sumkalar bilan avtobusga vokzalda emas, balki yaqinroq bekatda o‘tiradi. O‘shanda O‘zbekiston hukumati nima o‘ylab topadi? Militsiya xodimlarini har bir simyog‘ochga qo‘yib chiqadimi", deya hayronligini bildiradi Mixail ismli foydalanuvchi.

Toshkentlik huquq himoyachisi Surat Ikromov xavfsizlik choralari ko‘rilishini ma‘qullaydi, ammo O‘zbekistonda bunday choralar haddan ziyod kuchaytirilishi hukumatning xalqdan qo‘rquvi natijasi ekanligini aytadi.

"O‘zbekistondagi terroristik aktlar isbotini topmagan va o‘zi yo‘q narsa. Terror bilan ayblanib qamalganlarni hammasini kuzatganimizda O‘zbekistonda birorta terrorist mavjud bo‘lmaganini aniqlaganmiz. Lekin terrorning oldini olish boshqa narsadan dalolat beradi. Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizligiga qarashli xodimlarning soni shunchalik ko‘pki, Markaziy Osiyodagi davlatlardan bir necha marotaba ko‘p. Hukumat shularni ishga joylashtirish va harakatlantirish maqsadida majbur bo‘layapti", deydi Surat Ikromov.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda xavfsizlik choralari o‘ta kuchaytirilgan davlat xisoblanadi.

Hattoki, har bir viloyatdan kirish va chiqishda alohida postlar o‘rnatilgan bo‘lib, militsiya xodimlari istagan fuqaroni tekshirish huquqiga ega.

Mahallalarda uchastka nozirlaridan tashqari, ularga ko‘mak beruvchi fuqarolar guruhi posbonlar ham tashkil qilingan.

Mahalla oqsoqollari esa, Milliy xafsizlik xizmatiga fuqarolar haqida ma‘lumot beruvchi shaxslarga aylangan.