Euro 2012 g‘olibi kim bo‘ladi, o‘zbekistonlik futbol ustalari bashoratida

Britaniyalik manaman degan futbol ustalarining bashoratlari yanglish chiqdi.

Qanchadan qancha so‘rov natijalari besamar ketdi.

Qariyb bir oylik oh-voh va dod-voylardan so‘ng Ispaniya va Italiya milliy terma jamoalari futbol bo‘yicha 2012 yilgi Ovro‘po chempionligi uchun bellashadigan bo‘lishdi.

Kattayu kichik futbol davralarida g‘olib bo‘lishi birdek bashorat qilinayotgan uch karra Ovro‘po chempioni Olmoniya yarim finaldanoq pastga quladi.

Qit‘a birinchiligi ibtidosida kamida yarim finalgacha borishi bashorat qilingan Gollandiya va Frantsiya esa, olmonlardan ham ertaroq turnir bilan xayrlashishdi.

Bu esa, amaldagi Ovro‘po chempionining to‘rtinchi bor qit‘a birinchiligi finaliga chiqishi bo‘ladi.

Agar bu gal ham g‘alaba qozonolsa, Ispaniya ketma-ket ikki bor qit‘a g‘olibligi nasib etgan dastlabki jamoaga ham aylanishi mumkin.

Italiya milliy terma jamoasiga bu sharafning nasib etganiga esa, qariyb yarim asrcha bo‘lib qolgan.

Jamoa so‘nggi bor 1968 yilda Ovro‘po chempioni bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan, xolos.

Biz bo‘lajak uchrashuv arafasida o‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchilari, taniqli murabbiylar va futbolchilarga murojaat qilib, final o‘yinida g‘alaba qay bir milliy terma jamoaga nasib etishi mumkin, deb so‘radik:

Mirjalol Qosimov, O‘zbekiston milliy terma jamoasi va "Bunyodkor" klubi bosh murabbiysi: Sizga to‘g‘risini aytsam, unaqa bashorat berishni yoqtirmayman. Hech qachon bashorat qilmaganman. Chunki futbolda kutilmagan holatlar bo‘lib turadi. Shuning uchun ham, kimning omadi ko‘proq bo‘lsa, o‘sha g‘olib chiqadi. Mana, Portugaliya-Ispaniya o‘yinini oling - Portugaliya judayam yaxshi harakat qildi, lekin penalьtilar seriyasida Ispaniyaga omad kulib boqdi. Finalga ikkita kuchli jamoa chiqqan. Ulardan qay biri kuchli o‘ynasa, g‘oliblik o‘shanga nasib o‘tadi, deb o‘ylayman. Qolaversa, bizlar muxlis sifatida bu o‘yinlarni tomosha qilamiz. Shuning uchun ham, istab qolardimki, finalda kim o‘ynashidan qat‘inazar, chiroyli o‘yin ko‘rsatib, futbol muxlislariga zavq ulashsin. Kimga omad kulib boqsa, o‘sha yutib chiqsin.

Abror Imomxo‘jayev, o‘zbekistonlik taniqli futbol sharhlovchisi: Hali musobaqa boshlanmasidan avval ham hamma Ispaniyani g‘oliblikka asosiy da‘vogar, deb hisoblagandi. Shu jumladan men ham shu fikrni bildirgan edim va hozir ham unda sobitman. Zero, kecha Italiya juda chiroyli o‘yin ko‘rsatib, Olmoniyani mag‘lub etgan bo‘lsa ham, baribir, o‘zaro o‘yinda Ispaniyaning qo‘li baland keladi, deb o‘ylayman. Sababi - Ispaniyada "brak" juda kam. Kecha men italiyaliklarning o‘yinini ko‘rdim. Hamma, "Ballotelli, Ballotelli", deydi, lekin mutaxassis sifatida uning o‘yinini kuzatadigan bo‘lsak, uning xatolari ko‘p. Ikkita vaziyatdan foydalandi, lekin kamchiliklari judayam ko‘p. Umuman, Italiya o‘yinchilarida "brak" masalasi ko‘p. Faqat Olmoniya bundan foydalana olmadi. Lekin Ispaniya bundan foydalanadi, deb o‘ylayman. Final uchrashuvida, baribir, Ispaniya g‘olib chiqadi, degan fikrdaman.

Vadim Abramov, O‘zbekiston milliy va Olimpiya terma jamoasi sobiq Bosh murabbiysi: Menimcha, Ispaniya. Chunki ispanlar barcha rekordlarni o‘rnatib bo‘lishdi. Uch bor Ovro‘po chempionati finaliga chiqqan jamoaga aylanishdi. Hali dunyoda biror bir terma bu kabi muvaffaqiyatga erishmagan. Ham o‘yini va ham tarkibi jihatidan Ispaniyaning qiyosi yo‘q. Ayni o‘rinda shuni ham aytishim joizki, men bu yilgi Ovro‘po birinchiligi yakuniy bosqichiga chiqajak ikkinchi jamoa aynan italyanlar bo‘lishiga ishonchim komil edi.

O‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayev: Italiya va Ispaniya bir-biri bilan finalda uchrashadigan bo‘ldi. O‘zi ko‘pchilik ham shunaqa bashorat qilishgandi. Italiyaning kechagi chiroyli o‘yinidan keyin bu narsa o‘zining tasdig‘ini topdi. Endi, kim g‘olib chiqadi, degan masala o‘rtaga chiqqanda, shaxsiy fikrim - menimcha, Ispaniya g‘olib chiqsa kerak. Birinchidan, Ispaniya amaldagi chempionimiz. Ikkinchidan, Ispaniya Italiyaga qaraganda bir kun ko‘p dam oldi. Uchinchidan, keyingi o‘yinlari shuni ko‘rsatayaptiki, Ispaniya hozir haqiqatdan ham Ovro‘poda eng kuchli jamoa. Biz o‘yinchilarning individual mahoratlari deb aytamizu, agar har ikki milliy terma jamoadan alohida, alohida 11 kishini olib solishtiradigan bo‘lsak, ispan o‘yinchilari baribir kuchli.

Sherzod Karimov, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi sobiq sardori: Men azaldan Ispaniya milliy terma jamoasiga ishqibozlik qilaman. Mening nazarimda, Ispaniya g‘alaba qozonadi. Nimaga desangiz, ispan o‘yinchilari texnikasi jihatdan yuqori saviyali o‘yinchilar. Shunaqa deb o‘ylayman.

Ikkovlon o‘rtasidagi yagona kubok uchun hal qiluvchi yakuniy kurash yakshanba – 1 iyul kuni Ukraina poytaxti Kiyevning "Olimpiya" stadionida bo‘lib o‘tadi.

Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 11:45 da boshlanadi.