Assad Suriyaga tashqi aralashuvni rad qilgan

Image copyright Reuters
Image caption BMT kuzatuvchilari Suriya ichki urush ichida ekanini aytishgan

Bashar al-Assad Suriya inqirozini hal qilish uchun tashqi kuchlar aralashuvini rad qilgan.

Suriya prezidentiga ko‘ra, mamlakatga har qanday tashqi kuchning kirishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Eron televideniyesiga bergan intervyusida prezident Assad Suriya o‘z ichki muammolarini o‘zi yechishi kerakligi, muammoni yechish uchun tashqaridan yordam talab qilinmasligini bildirgan.

Assadning aytishicha, xalqini terroristlardan himoya qilish hukumatning vazifasidir.

Xalqaro hamjamiyatning bosimi qanchalik kuchli bo‘lmasin, mamlakat rahbariyatini ichki xavfsizlikni ta‘minlash bo‘yicha o‘z siyosatini o‘zgartira olmaydi.

30 iyunda Jenevada BMT va Arab Ligasi elchisi Kofi Annanning tashabbusi bilan BMT Xavfsizlik Kengashi a‘zolari, yaqin sharq mamlakatlari vakillari va Ovro‘po Ittifoqi a‘zolarining Suriya masalasi bo‘yicha yig‘ilishi bo‘lishi kutilmoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov "Suriya inqirozini hal qilish uchun tashqaridan aralashuvni quvvatlamasligini, quvvatlashi mumkinmasligini, bu jumladan prezident Bashar al-Assadni qudratdan ketgizishni ko‘zlagan rejaga ham ta‘luqliligi"ni ta‘kidlagan.

Suriya muxolif guruhlari esa, mamlakatda tinchlik o‘rnatishning bir qismi sifatida Bashar al-Assad hokimiyatni topshirishi va mamlakatni tark etishiga to‘g‘ri kelishini aytgan.