Yaponiyada atom reaktorini ishga tushirilishiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tgan

Image copyright AP
Image caption Namoyishlarda 200 mingga yaqin kishi ishtirok etgan

Yakshanba kuni Yaponiya hukumati 2011 yil martida zilzila ortidan kelib chiqqan tsunami tufayli jiddiy ziyon ko‘rgan Fukusima AESidagi atom reaktorini birinchi bor qayta ishga solishni mo‘ljallagan.

Mahalliy vaqt bilan kechki soat 9 da AESning №3 "Oxi" reaktori o‘z ishini qaytadan boshlaydi.

Shu elektr stantsiyaning yana bir reaktori 14 iyulda ochilishi aytilgan.

Reaktorlarning qaytadan ish boshlashi haqida qaror Yaponiya bosh vaziri Yosixiko Noda tomonidan qabul qilingan.

Janob Nodaga ko‘ra, atom energetikasiga qaytish mamlakat iqtisodini izga solish va mamlakatda yuzaga kelgan elektr taqchilligiga barham berish uchun zarur.

Hukumatning bu qarori mamlakat tadbirkorlari tomonidan olqishlangan.

Chernobil halokatidan keyin atom energetika sohasida eng jiddiy deb aytilgan "Fukusima"dagi portlashdan so‘ng Yaponiyaning barcha 50 atom reaktorlarida ish birin-ketin to‘xtatilgan edi.

Bundan mamlakatdagi ishlab chiqarish sohasiga jiddiy zarar yetishi haqida xavotirlar paydo bo‘lgan.

"Oxi" yapon reaktori ochilishidan so‘ng Yaponiya hukumati boshqa reaktorlarning faoliyatini ham boshlashni ko‘rib chiqilishini ma‘lum qilgan.

Biroq Oxi reaktorini qaytadan ishga tushirish ko‘p sonli norozilik namoyishiga sabab bo‘lgan.

Yaponiya bosh vazirining Tokiodagi qarorgohi qarshisida minglab kishilar yig‘ilishgan va "Atom reaktorlari qaytadan ochilmasin" degan so‘zlarni aytib qichqirishgan.

Namoyishchilarga ko‘ra, Yaponiya elektr energiyasi olishning boshqa xavfsiz yo‘llarini ko‘rib chiqishi kerak.

41 yoshli namoyishchi Taysuke Kono politsiyaning qarshiligiga qaramasdan tun bo‘yi atom elektrstantsiyasi oldida qolishga qaror qilganini bildirgan.

"Xirosima va Nagasaki yadro bombalanishiga qaramasdan Yaponiyaning atom energiyasiga qaytganini qanday tushunish mumkin", - degan Taysuke Kono Frans press agentligiga.

"Biz uchun eng muhimi Yerni keyingi avlod uchun toza va chiroyli qilib qoldirishimiz zarur. Buning uchun atom energiyasiga munosabatni o‘zgartirish, boshqa yo‘llarini qidirib topish muhim", - deb aytgan BBCga boshqa bir namoyishchi Nobuxiko Shudo.

Tashkilotchilarning aytishicha, namoyishlarda 200 mingga yaqin kishi ishtirok etgan.