"O‘zbekistonda mehnat muhojirlari orasida VICh-OITS tarqalishi vaziyati qo‘rqinchli"

Image caption O‘zbekiston hukumati millionlab fuqarolari xorijga chiqib ketishga majbur bo‘lganini qonunan tan olishni istamaydi.

O‘zbekistondagi Ekspert Ishchi guruhi mehnat muhojirlari orasida VICh-OITS xastaligi tarqalib borishi tendentsiyasi yuzasidan xavotir bildirib chiqqan.

Tashkilotga ko‘ra, ayniqsa, Rossiyadagi vaziyat nihoyatda tashvishlanarlidir.

Ekspert Ishchi guruhining bayon qilishicha, O‘zbekistondagi mavjud qonunchilik VICh-OITSning mehnat muhojirlari va ular oilalari orasida tarqalishining oldini ololmaydi.

O‘zbekistonda VICh-OITS tarqalishini oldini olish, bu turdagi xastaliklarga qarshi kurash maqsadidagi dasturlar eng katta tahdid guruhiga kiradigan mehnat muhojirlarini o‘z diqqat-e‘tiboridan chetda qoldirayapti.

O‘zbekistondagi mas‘ul tashkilotlar aholining mana shu qatlami bilan ishlamayaptilar.

Lekin statistik ma‘lumotlar bilan tanishilib, mavjud tendentsiya kuzatiladigan bo‘lsa, aynan mehnat muhojirlari O‘zbekistondagi VICh-OITS bo‘yicha epidemiologik holatni belgilovchi va yaqin yillarda belgilab beruvchi omilga aylanib boradi.

Ekspert Ishchi guruhiga ko‘ra, O‘zbekiston davlati mehnat muhojirligini qonunan tan olmagani sababidan ham VICh-OITS bilan bog‘liq tashvishlanarli vaziyat rasmiylarning e‘tiboridan chetda qolayapti.

Ekspert Ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilovning aytishicha, O‘zbekiston rasmiylari millionlab mehnat muhojirlariga faqat "barmoq orasidan qarashayapti", mehnat muhojirlariga aholining foydali bir guruhi sifatida qaralmayapti.

"Va shundan kelib chiqib, ularga nisbatan mamlakatning yaqqol bir siyosati, xususan, mehnat muhojirlari orasida VICh-OITSning tarqalishi oldini olish bo‘yicha ham siyosati yo‘q, desak bo‘ladi", deydi Suhrob Ismoilov.

2012 yil boshidagi rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 21500 dan ortiq VICh infektsiyasini yuqtirgan kishi aniqlangan.

Ekspert Ishchi guruhi bu boradagi rasmiy Toshkent ma‘lumoti pasaytirib ko‘rsatilganini ta‘kidlaydi va Rossiyadan kelayotgan xavotirli xabarlarga e‘tiborni qaratadi.

2008 yilda Rossiya hududida mehnat qilayotgan qariyb 1 million 100 kishi tekshirib ko‘rilganda 1579 virusni yangi yuqtirish holatlari aniqlangan.

VICh virusini yuqtirgan muhojirlarning eng ko‘pi Ukrainadan bo‘lganlar, ikkinchi o‘rinni o‘zbekistonliklar egallagan.

Ekspert Ishchi guruhi mehnat muhojirlarini ham VICh virusi bo‘yicha nazorat xizmati ro‘yxatiga kiritishni, mehnat muhojirlari oilalariga tibbiy, huquqiy ijtimoiy yordamlar, xususan, OITSga oid ma‘lumotlarni berib borishni, chetda ishlab yurganlar orasida jinsiy xastaliklardan saqlanish yo‘llari va vositalarni tarqatishni, eng muhimi, "Tashqi mehnat migratsiyasi haqidagi" qonunni qabul qilishni taklif etadi.

Ekspert Ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilov bilan suhbatni tinglang:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi