Qirg‘iz mahkamasi jurnalist Farafonovni millatlararo nizo qo‘zg‘ash bandida aybdor topdi

Bishkekdagi mahkama jurnalist va blogger Vladimir Farafonovni o‘zining maqolalari bilan millatlararo nizo qo‘zg‘ash bandida aybdor topgan va 1000 dollardan ziyod jarimaga tortgan.

Bishkekning Pervomayskiy tumani mahkamasi yakunida ayblanuvchi Vladimir Farafonovning o‘zi ishtirok etmagan.

U mahkama tashqarisidagi avtomobilda mahkama qarorini kutishini ma‘lum qilgan.

Mahkama hakami Almazbek Moldobayev hukmni yarim soat davomida o‘qigan.

Mahkama qaroriga ko‘ra, Vladimir Farafonovning maqolalari yuzasidan o‘tkazilgan espertizalar ularda millatlaro nizoni qo‘zg‘ash alomatlari borligini isbotlagan va hukmda ushbu jihat inobatga olingan.

Asosan "Russkoye yedinstvo" Internet portalida e‘lon qilingan Vladimir Farafanov maqolalarining 16 joyida Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining "ommaviy axborot vositalaridan foydalanib milliy, irqiy, diniy yoki mintaqalararo nizo keltirib chiqarish" bandiga mos tushadigan matnlar topilgani aytilgan.

Vladimir Farafonovning birinchi marta mahkamaga tortilayotganini e‘tiborga olib unga 50000 Qirg‘iz somi miqdorida jarimaga tortishga qaror qilingan.

Vladimir Farafonov o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishidagi milliy nizo qo‘zg‘ash ayblovlarini rad etgan.

Jurnalist ustidan mahkama shu yil mart oyida boshlangan edi.

Qoralov tomoni jurnalistga 8 yillik qamoq jazosi berilishini so‘ragan.

Vladimir Farafonovni mahkamada himoyachisi sifatida qatnashgan taniqli inson huquqlari faoli Toktayim Umetaliyeva aytishicha, mahkama o‘zlari kutganlaridan ham xolisroq o‘tgan.

Vladimir Farafonov Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayevga ochiq maktub yo‘llagan, o‘z murojaatida Farafonov yozishicha, mamlakatda agressiv qirg‘iz millatchiligi xavfi mavjudligi haqida o‘z maqolalarida yozgani uchun uning og‘zini yopmoqchi bo‘lganlar.

Farafonov ishidan rossiyalik siyosatchi Vladimir Jirinovskiy g‘azab izhor etgan, bunga javoban qirg‘izistonlik mehnat muhojirlarini Rossiyadan haydab chiqarishni taklif qilgan.