Janao‘zen voqealariga aloqadorlikda ko‘rilgan taniqli teatr arbobi ozod etildi

Image copyright none
Image caption Bo‘lat Atabayevning nega ozod etilgani sabablari hozircha ma‘lum emas

Qozog‘istondan olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, shu yilning 15 iyun kuni hibsga olingan Bo‘lat Atabayev kecha tunda qo‘yib yuborilgan.

Uning nega ozod etilgani sabablari ma‘lum emas.

Taniqli teatr arbobining zudlik bilan Olma ota shahriga uchib ketgani aytilmoqda.

Bugun mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da uning matbuot anjumani berishi kutilayotir.

Qozoq hukumatining ashaddiy tanqidchilaridan bo‘lgan Bo‘lat Atabayev Janao‘zen shahriga safari chog‘ida aholini tartibsizliklarga chorlashda ayblangan.

Qozog‘iston g‘arbidagi Janao‘zen shahrida 2011 yil dekabr oyida ish tashlagan neftchilar va politsiyachilar o‘rtasida kelib chiqqan to‘qnashuvlarda 16 inson halok bo‘lgandi.

Shu oy boshida 13 neftchi tartibsizliklarda ishtirok etishda aybdor deb topilib, uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etildi.

Yana qator muxolifat faollariga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

Qozog‘iston va xorijda ma‘lum va mashhur bo‘lgan Bo‘lat Atabayev o‘tgan yili teatr sohasiga qo‘shgan hissasi uchun Gyote xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lgandi.

Bo‘lat Atabayev ushbu mukofotni avgust oyida Olmoniyaning Vaymar shahridagi marosimda qabul qilib olishi rejalangan.

Janob Atabayevni "demokratik tizim uchun jasur kurashchi", deya ta‘riflagan Gyote Instituti uning hibsga olinishi yuzasidan xavotir bildirib, mukofotlash marosimiga kela olishiga umid qilgandi.