Qirg‘izistonlik bolakay "Barselona" akademiyasida o‘qiydigan bo‘ldi

MDH davlatlari tarixida ilk bor qirg‘izistonlik 10 yashar Erbol Atabayev Ispaniyaning nahang Barsasi futbol akademiyasiga qabul qilindi.

Ayon bo‘lishicha, Erbol Rossiya va Ovro‘po davlatlaridan bo‘lgan yuzlab raqiblarini dog‘da qoldirgan.

Yosh futbolchi to‘pni o‘ynatish, maydonni ko‘rish va o‘yinchilarni ilg‘ash mahorati bilan hay‘at a‘zolarini lol qoldirgan.

Erbol endi shu yilning sentyabr oyidanoq Barselonada o‘z tahsilini boshlashi mumkin bo‘ladi.

U Barsaning futbol akademiyasida oliy malakali mutaxassislar qo‘lida ikki yil saboq oladi.

O‘rta maktabdagi tahsilini ham Ispaniyaning o‘zida davom etdiradi.

Yaqinlarining aytishicha, Erbolning tili allaqachon ispanchaga chiqib qolgan.

"Ammo bu bilan kifoyalanib qolmaymiz. Erbolga ispan tilini o‘rgatishi uchun uyga o‘qituvchi olamiz", deydi opasi Cho‘lponoy.

Agar Erbol akademiyadagi tahsilini muvaffaqiyatli yakunlasa, dunyoning eng nomdor jamoasi murabbiylar shtabi u bilan shartnoma imzolashi ehtimoli ham yo‘q emas.

Kichik "yulduzcha"

Erbol Atabayev 5 yoshidan boshlab, futbolga jiddiy ixlos qo‘yadi.

Futbol olamiga esa, otasi olib kirgan.

"Katta maydon"dagi ilk o‘yinini mahalliy "Abdish-Ata" klubi saflarida boshlagan.

Ota-onasining aytishicha, go‘dakligida ham eng sevgan o‘yinchog‘i to‘p bo‘lgan.

Kichik yoshiga qaramay, mahoratiga tan bergan futbol doiralari orasida "Maradona" laqabini olgan.

Bundan avval ham "Barselona" futbol akademiyasiga kirishga urinib ko‘rgan, ammo omadi chopmagan.

Shundan so‘ng, Rossiyaning taniqli klublaridan biri bo‘lgan "Rubin"(Qozon)lik mutaxassislar qo‘liga tushgan.

Erbol Rossiya va Qirg‘izistondagi qator turnirlar g‘olibi va "Eng zo‘r o‘yinchisi" maqomiga ega.

O‘zi esa, Argentina va "Barselona" yulduzi Lionel Messining mahoratiga tan berishini aytadi.

Loyiha

Rasmiy xabarlardan ayon bo‘lishicha, bularning barchasiga Qirg‘izistonning Ispaniya Qirolligidagi Faxriy Konsulligi bosh-qosh bo‘lgan.

Konsul Taalaybek Bapanovning aytishicha, bu - faqat boshlanishi, xolos.

"Kelajakda ham qirg‘izistonlik iqtidorli bolalarni Ispaniya va Ovro‘po Ittifoqining boshqa davlatlariga yuborish rejasidamiz", deydi u.

Konsul janoblariga ko‘ra, eng asosiysi - qobiliyatli bolalarni topish, mablag‘ esa har doim topiladi.

"Faqat shu yo‘l bilan biz kelasi 8-10 yil ichida futbol bo‘yicha kuchli milliy terma jamoaga ega bo‘lishimiz mumkin", deydi u.

Barselona

Shahar nomi bilan atalgan va Barsa nomi bilan ham tanilgan "Barselona" Ispaniya va dunyodagi eng kuchli klublardan biri sanaladi.

Unga 1899 yilda Joan Gamper boshchiligida bir guruh shveytsariya, britaniya va ispaniyalik futbolchilar tomonidan asos solingan.

Klub 2009 yilda olamshumul yutuqlarga erishib, qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan barcha oliy sovrinlarga ega bo‘lgan.

Tarkibida Lionel Messi kabi jahon futbolining qaymog‘i bo‘lgan qator futbolchilar to‘p surishadi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, Ispaniyaning yana bir nahang va dunyodagi eng boyvachcha klubi bo‘lgan "Real"(Madrid) shu yilning sentyabr oyida Toshkentda o‘zining futbol akademiyasini ochishni rejalamoqda.