Ispaniyaga yangi elchi tayinlandi, Gulnora Karimova-chi?

Image copyright Getty

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Dilshod Axatov O‘zbekistonning (qarorgohi Berlinda joylashgan) Ispaniya Qirolligidagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan.

2010 yildan buyon ushbu lavozimni mamlakat prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova egallab kelayotgandi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi "Jahon" axborot agentligi veb sahifasida chop etilgan xabarda Ispaniya Qirolligiga nega yangi elchi tayinlanayotgani sabablari aytilmaydi.

Agar rasmiy xabarlarga tayanilsa, asli samarqandlik bo‘lgan 40 yoshli Dilshod Axatov o‘tgan ikki yil davomida O‘zbekistonning Olmoniyadagi elchisi bo‘lgan.

Janob Axatov allaqachon Ispaniya Qiroli Xuan Karlosga ishonch yorlig‘ini ham topshirgan.

Diplomatik faoliyatidan tashqari, O‘zbekiston ichkarisi va tashqarisida estrada qo‘shiqchisi, liboslar va zargarlik buyumlari dizayneri sifatida tanilgan Gulnora Karimova esa, ushbu vazifa ijrosiga 2010 yilning yanvar oyidan kirishgandi.

Gulnora Karimova, bir vaqtning o‘zida, O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshidagi vakili ham edi.

Elchilik

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi elchi etib tayinlangan paytda Ispaniya Ovro‘po Ittifoqiga prezidentlik vakolatida edi.

Ovro‘po Ittifoqi esa, yuzlab tinch fuqarolar qurbon bo‘lgani aytilgan 2005 yil Andijon voqealari ortidan O‘zbekistonga qarshi keskin mavq‘eni egallagan xalqaro tashkilotlardan biri edi.

Ittifoq rasmiy Toshkentning ayni hodisalar yuzasidan mustaqil tergov o‘tkazish talablarini rad etishi ortidan O‘zbekistonga o‘z jazo choralarini ham kiritgandi.

Biroq O‘zbekistonda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanganini aytib, 2008 yilning oktyabr oyida ularni bekor qilgandi.

Buning ortidan bir qancha ovro‘polik yuqori martabali mulozimlar va hay‘atlarning O‘zbekistonga safari kuzatilgandi.

Ayrim kuzatuvchilar ushbu yangilikni, bir ma‘noda, O‘zbekiston va Ovro‘po Ittifoqi orasidagi aloqalarning yaxshilanayotgani nishonasi sifatida ham baholashgandi.

O‘zbekistonlik sobiq diplomatlar Gulnora Karimovaning Ispaniyaga elchi etib tayinlanishi uning xalqaro sahnadagi siyosiy maqomini kuchaytirishga xizmat qilishini ham aytishgandi.

40 yoshli Karimova xonim prezident Islom Karimovning ehtimoliy siyosiy merosxo‘ri sifatida ko‘riladi.

Bu birinchi elchilik emas

Gulnora Karimova 2008 yilning oxirlarida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jenevadagi qarorgohida O‘zbekiston elchisi etib tayinlangandi.

Aynan o‘sha yil boshlarida esa, Gulnora Karimovaning O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining madaniy-gumanitar sohalardagi xalqaro hamkorlik bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangani xabar qilingandi.

Bundan oldin u Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasida Tashqi ishlar vazirining maslahatchisi lavozimida ishlagan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jenevadagi qarorgohi xalqaro tashkilotning Nyu-Yorkdagi idorasidan keyin eng yirik qarorgoh sanaladi.

Bularning barchasi nima uchun edi?

Jenevadagi qarorgohda biror bir mamlakat elchisi bo‘lish anchayin salmoqli diplomatik lavozim sanalardi.

Bu lavozimdagi shaxsning diplomatik faoliyati doirasi juda keng hisoblanadi.

Xalqaro kuzatuvchilar xuddi shu narsani nazarda tutib, nazariy jihatdan Karimova xonimning yangi lavozimi juda muhim sanalishini aytishgandi.

Mazkur elchilik lavozimi Gulnora Karimovaga Amerika Qo‘shma Shtatlarining Adliya tizimidagi mavjud tartib-qoidalardan daxlsizligini ham ta‘minlagandi.

Gulnora Karimova 2002 yilda eri amerikalik Maqsudiy janoblari bilan ajrashganidan keyin Amerika mahkamasi ularning ikki farzandiga oid qaror chiqargandi.

Bu esa Karimova xonimni nazariy jihatdan G‘arbda, ayniqsa, Amerikada mahkama qarori tufayli hibsga olinishini anglatardi.

Lekin o‘sha paytda ham xalqaro kuzatuvchilar Karimova xonimning bu lavozimda tinib-tinchib ketib, o‘zining kasbiy faoliyatiga doir bir qarorga keldi, deb xulosa chiqarish qiyin ekanini aytishgandi.

Ular buning sababini O‘zbekiston kabi mamlakat prezidentining qizi bo‘lganingizdan keyin kasbingiz borasidagi qarorni har oy o‘zgartirishingiz mumkinligi bilan izohlashgandi.