Qozoq sportchilarning Londonga qazi olib kelish niyati chippakka chiqishi mumkin

Image caption Qozoq sportchilari Olimpiadani qazisiz o‘tkazishlariga to‘g‘ri kelishi mumkin

Qozog‘iston Olimpiya terma jamoasi London bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaga o‘zi bilan qazi olib kelmoqchi. Masu‘llar sportchilar ruhini yuqori tutish uchun ularni milliy taomlar bilan siylashni maqsad qilgan.

Qozog‘iston sport va jismoniy madaniyat ishlari bo‘yicha agentlik raisi o‘rinbosari Yelsiyar Kanagatovning mahalliy matbuotga aytishicha, qozog‘istonlik sportchilar o‘yinlar davomida ham Ovro‘pa va ham musulmoncha taomlar tayyorlanadigan Olimpiya qishlog‘ida turadi.

"Biroq, biz sportchilarimizga, va albatta, polvon va bokchilarimizga qo‘shimcha ravishda qazi-qarta va ikra olib boramiz", - deb aytdi Yelsiyar Kanagatov.

Mas‘ulning so‘zlariga ko‘ra, Olimpiadaga maxsus oshpaz olib kelishning keragi yo‘q, chunki alohida oshpaz olib kelinsa, bo‘lak yashab, bo‘lak oshxona ochishga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham agentlik faqat milliy taomlarni olib ketish bilan cheklanmoqda.

Lekin, qozog‘istonliklarning Londonga ot go‘shtini olib kirish harakati puchga chiqishi ham mumkin.

Buyuk Britaniya chegara agentligining mamlakatga qanday mahsulotlar olib kirish mumkinligi to‘g‘risidagi yo‘riqnomada go‘sht maxsulotlariga taqiq qo‘yilgan.

Go‘sht maxsulotlari Britaniyaga faqat Ovro‘pa Ittifoqiga a‘zo davlatlardan olib kirilishi mumkin.

Qozog‘iston esa ushbu ittifoqqa a‘zo emas va qazilar aeroportda tortib olinishi mumkin.

Image caption Ot go‘shtidan tayyorlanadigan qazi Markaziy Osiyoda sevib iste‘mol qilinadigan an‘anaviy taomlardan biridir

London aeroportlarining bojxona xodimlari Qozog‘istondan uchib keladigan yo‘lovchilardan "qazi bormi?" deb so‘rashni ham o‘rganib olishgan.

Qazisiz qon ichish

O‘yinlar davomida ishtirokchilarga qulaylik yaratish maqsadida 24 soat ishlovchi tibbiyot majmuasi, ovqatlanish nuqtalari, trenajer va suzish havzalari tashkil qilinadi.

O‘ttizinchi yozgi olimpiada o‘yinlari Londonda 27 iyuldan 12 avgustgacha bo‘lib o‘tadi. Unda 20 sport turi bo‘yicha 114 qozog‘istonlik sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.

Qozog‘iston ushbu musobaqada munosib qatnashib, ayniqsa, og‘ir atletika bo‘yicha kuchli uchlikka kirishni maqsad qilgan.

Og‘ir atletlarning bosh murabbiysi Aleksey Ni kuchli hisoblangan rossiyalik va xitoyliklarning "qonini ichishni" va‘da bergan.

Sportchilarni mamlakat rahbari Nursulton Nazarboyev qabul qildi va ularga omad tilab kayfiyatini ko‘tarish uchun latifa ham aytib berdi.

"Sport sektsiyasida ikki bolakay gaplashib o‘tirgan ekan. Birinchisi ikkinchisiga, "Mening dadam olishdan ko‘ra berish afzal deydi", debdi. Ikkinchisi, "dadadang xoynaxoy hayriyachi bo‘lsa kerak", deb so‘rabdi. Birinchisi "yo‘q u bokschi, deganmish".

Nazarboyevning ushbu latifasi yig‘ilganlarning yengil kulgusiga sabab bo‘lgan.

Sport vazirligi oltin medalni qo‘lga kiritigan sportchiga 250 ming dollar mukofot pulini va‘da qilgan.