O‘shda madrasa muallimi o‘quvchini jinsiy zo‘rlashda gumon qilinmoqda

Image caption Madrasa o‘quvchisi bir necha hafta davomida zo‘rlangani gumon qilinadi

Qirg‘iziston Ichki Ishlar Vazirligi O‘sh viloyatidagi madrasalardan birining o‘qituvchisi jinsiy zo‘ravonlikda ayblanib hibsga olinganini ma‘lum qilgan.

Vazirlikka ko‘ra, Bishkek shahrining Oktyabrsk Ichki Ishlar Boshqarmasiga to‘qqiz yoshar bolaga nisbatan jinsiy harakatlar amalga oshirilgani borasida shikoyat kelib tushgan.

Aytilishicha, O‘sh shahridagi Yiyq Sulayman-Too madrasasining 22 yoshli o‘qituvchisi bachchabozlik bilan shug‘ullangan.

Jabrlangan bola shu kunlarda Bishkekning kasalxonalaridan biriga yotqizilgan.

Oktyabrsk IIBsi tomonidan buyurilgan tibbiy ekspertiza xulosasi bolaning jinsiy zo‘rlanganini tasdiqlagan.

BBC bilan suhbatda jabrlangan bolaning onasi o‘z o‘g‘li yagona qurbon bo‘lmasligi mumkinligiga ishora qilgan.

Uning aytishicha, madrasada tahsil olayotgan o‘g‘il bolalar ustozi tarafidan o‘zlariga bo‘layotgan jinsiy tajovuzni qo‘rqutuvlar sababli hech kimga aytmay kelishgan.

"Har hafta uyga kelganda o‘g‘lim "madrasaga qaytib bormayman" deb yig‘lardi. Bezovtalanishi juda qattiq ortib bordi. Bolam o‘tirolmay qoldi. Tualetga borsa qiynalib, "orqam achishayapti" deb shikoyat qilishni boshladi", - deydi ona.

Ayol madrasa ma‘muriyatiga murojaat qilganida, ma‘muriyat unga "Islom dinining dushmanlari shundoq ham ko‘p bo‘lgani uchun", bu hodisani oshkor qilmaslikni so‘raganini bildirdi.

Lekin, u poytaxtga kelib huquq-tartibot idoralariga arz qilgan.

Jinoyat borasidagi materiallar ayni damda O‘sh Ichki Ishlar Boshqarmasiga topshirilgan.

O‘sh IIVsi matbuot vakili Zamirbek Siddiqov madrasa o‘qituvchilaridan biri hibsga olinganini tasdiqladi.

"O‘sh shahrining 22 yoshli yashovchisi kuni kecha Qirg‘iziston Respublikasining Jinoiy Kodeksining 109-moddasiga binoan, bachchabozlikda gumon qilinib qo‘lga olindi", - dedi janob Siddiqov BBCga.

Hozirgi kunda jinoiy ish ochilishi masalasi ko‘rib chiqilmoqda.