Vikiliks Suriya borasidagi "uyatli" hujjatlarni oshkor qilmoqda

Image copyright Reuters
Image caption Vikiliks Suriyadagi mojaroni tushunib yetish bilangina uni hal qilish mumkinligini aytadi

Maxfiy hujjatlarni oshkor qiladigan Vikiliks websayti Suriyaning siyosiy arboblari, vazirliklari va shirkatlariga tegishli ikki milliondan ortiq elektron maktublarni chop qilmoqda.

Vikiliksning xabar qilishicha, "Suriya hujjatlari"dan olingan "qaqshatqich" xabarlar kelgusi ikki oy davomida oshkor qilinadi.

Saytning asoschisi Julian Assanj hujjatlar nafaqat Suriya, balki unga muxolif tomonlarni ham uyatga qo‘yishini aytgan.

Elektron maktublar 2006 yil avgustidan 2012 yilning martigacha bo‘lgan davr ichida yozilgan.

Suriya hukumati 16 oydirki mamlakat ichidagi isyonga qarshi kurashib kelmoqda. Faollarga ko‘ra, 15,800 odam nobud bo‘lgan.

Yashirin maktublar

Londonda jurnalistlar savollariga javob bergan Vikiliks vakili Sara Harrison oshkor qilinadigan maktublar Suriyaning prezident devoni, tashqi ishlar, moliya, axborot, naqliyot va madaniyat vazirliklaridan jo‘natilganini bildirdi.

"Ulardagi ma‘lumot iqtidordagi Baas partiyasining eng yuqori darajali mulozimlarining shaxsiy maktublaridan tortib Suriya vazirliklaridan boshqa davlatlarga yuborilgan moliyaviy to‘lovlarni o‘z ichiga oladi", - dedi Harrison xonim.

Janob Assanjning o‘zi Londondagi Ekvador elchixonasida qolmoqda. U jinsiy zo‘ravonlik va jinsiy tajovuz ayblari bilan Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinishi xavfi tufayli Ekvador elchixonasidan boshpana so‘ragan.

Lekin, Harrison xonim Julian Assanjdan iqtibos keltirib, bu ma‘lumotlar "bizga nafaqat bir yo boshqa guruhni tanqid qilishga, balki ularning manfaatlari, qilayotgan amallari va o‘y-fikrlarini tushunishga yordam beradi. Biz bu mojaroni tushunish bilangina uni yechishga yordam berishimiz mumkin", - deb aytdi.

Vikiliksning va‘da qilishicha, 2,434,899ta elektron maktublar "G‘arb va G‘arb shirkatlari ommaga bir gapni aytib, aslida qanday amal qilishlari"ni oshkor qiladi.

Maktublarga asoslangan xabarlar qator xabar agentliklari, jumladan Assoshieyted Press, Ispaniyaning Publico.es sayti va Misrning al-Masri al-Yum nashrlari tomonidan chop qilinadi.

Allaqachon chop qilingan ba‘zi xabarlarda aftidan Suriya hukumati vakillariga harbiy maqsadlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jihozlarning G‘arb shirkatlari tomonidan yetkazib berilishi borasida havotirlar izhor qilinadi.

Parijdagi uchrashuv

Ayni damda Parijda Suriya bo‘yicha o‘tayotgan uchrashuvda AQSh Davlat Kotibi Hillari Klinton o‘z ittifoqchilarini Rossiya va Xitoydan Prezident Bashar al-Assad rejimiga dastaklarini to‘xtatishni talab qilishga undagan.

Unga ko‘ra, Moskva va Xitoy janob Assadning qo‘llab-quvvatlash evaziga hech nimaga erishmaydi, hamda ularning tutayotgan yo‘li nomaqbuldir.

Suriya Do‘stlari deya nom olgan 100dan oshiq davlatlar uchrashuvida Suriyadagi zo‘ravonliklarni to‘xtatish uchun qanday choralar ko‘rilishi yo‘lida yangi harakatlar qilinmoqda.

Rossiya va Xitoy uchrashuvga qatnashmayapti.

Payshanba kuni Suriya rejimining yuqori darajali a‘zosi Turkiyaga qochib o‘tgani aniq bo‘lgan.

Hukumatparast Syriasteps veb sahifasi General Manaf Tlas "qochib qolgan"inini aytgan, biroq bu hodisa "muhim emas" degan.

Manbalar General Tlasning Turkiyaga o‘tganini BBCga tasdiqlaganlar. Lekin, u haqiqatan ham o‘z hukumatidan yuz o‘girgani aniq emas.

Agar tasdiqlansa, u 16 oy avval boshlangan isyon davomida Prezident Assaddan voz kechgan eng nufuzli mulozim bo‘ladi.

Mart oyida uning qochgani borasida chiqqan xabarlar noto‘g‘ri bo‘lib chiqqandi.

Respublika Qo‘riqchilari a‘zosi bo‘lmish General Tlas sobiq Suriya mudofaa vazirining o‘g‘lidir. U yoshligida janob Assad bilan harbiy ta‘lim olgan.

Sanktsiyalar talabi

Parijdagi uchrashuv Tunis va Istanbulda o‘tgan tadbirlarga o‘xshab Assad rejimiga qarshi qattiqqo‘lroq choralarni talab qiladi.

AQSh va uning g‘arblik ittifoqchilari ko‘rfaz mamlakatlaridan global sanktsiyalar borasidagi talablarga faolroq qo‘shilishga undashlari kutiladi.

Biroq, BMT Xavfsizlik Kengashida veto ovoziga ega bo‘lgan Rossiya va Xitoy uchrashuvda yo‘qlar.

Uchrashuvni ochar ekan, Frantsiya Prezidenti Fransua Olland mojaroni to‘xtatish "insoniy va siyosiy zarurat" ekanini aytgan.

"Bu mojaro xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid sola boshladi, va biz bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz kerak", - deb aytgan u.

Xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid haqida gapira turib, janob Olland BMT nizomining 7-bobiga ishora qilgan. Bu bob harbiy kuch ishlatish imkoniga izn beradi.

BMT diplomatlari, janob Assad BMT va Arab Ligasi elchisi Kofi Annanning siyosiy o‘zgarishlar borasidagi rejasiga bo‘ysunmagan holda, Suriya bilan amalga oshiriladigan savdo aloqalariga cheklovlar kiritishni ko‘zlovchi hujjat ustida ishlamoqdalar.

O‘tgan hafta Annan janoblari e‘lon qilgan reja Suriyada muvaqqat hukumat tuzilishiga imkon beradi.

G‘arb davlatlari janob Assad Suriya hukumatidan chetlatilishi kerak deb ishonadilar, lekin Annan rejasi Assadga yangi muvaqqat rahbar nomzodiga qarshi veto qo‘llash huquqini beradi.