O‘zbekistonda dabdabali to‘ylarga qarshi yangi kampaniya boshlangan

Prezident Islom Karimovning to‘y hashamlarni tartibga solishga oid farmoyishidan 14 yil o‘tib Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi "to‘y hashamlar va marakalar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida" qaror qabul qildi.

Hukumatga tegishli matbuotda dabdabani qoralovchi turkum maqolalar chop etilmoqda. Kuzatuvchilar o‘zbek jamiyati dabdadabali to‘ylarga qarshi bir asrdan ko‘proq vaqtdan beri kurashib kelayotganini aytadi.

O‘zbek estrada xonandasining nikoh to‘y videosi maxsus tushirilib yutub portaliga joylashtirilgan. Tasvirdan to‘yning juda ham dabdabali, shou tarzida o‘tganini ko‘rish mumkin. Bir necha kameralardan tashqari maxsus ko‘rsatuvlarda ishlatiladigan kranli kamera turli ko‘rinishlarni tasvirga olgan.

Kelin kuyov o‘tadigan yo‘lakka payondoz sifatida musiqaga moslab o‘chib yonuvchi chiroqlar o‘rnatilgan.

Bu kabi to‘ylar matbuotning tanqidiga uchray boshlagan bo‘lsa-da, orzu havas qilib bundan kam qilmaslikka intilayotganlar talaygina.

Toshkent shahrida shu vaqtgacha, xorijning qimmatbaho markali moshinalaridan kortej tuzib aylanish urf bo‘lgan bo‘lsa, endi shu kunlarda bunga qo‘shimcha ravishda oppoq otlarga qo‘yilgan foytunda to‘yxonaga kelish urfga kirgan.

"100 dollarlik ot arava chiqdi. To‘yxonadan 1 chaqirim uzoqroqda foytun turadi. O‘sha yergacha mashinada kelinadi-da, keyin ot aravada to‘yxonagacha kirib borarkan", - deydi toshkentlik Jamshid.

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi to‘ylardagi ortiqcha harajatlar va dabdabani oldini olish uchun maxsus qaror chiqardi. Endi tongi soat 4 da beriladigan nahor oshlarining vaqti ertalabki 7 dan 9 gacha deb belgilab qo‘yildi.

Qaror asosida tashkil qilingan maxsus jamoatchilik kengashi to‘ylarni o‘z nazoratiga olishi ko‘zda tutilgan.

Toshkent shahridagi to‘yxonlarning birida boshqaruvchi bo‘lib ishlovchi Sanjarning aytishicha, qarorda ko‘rsatilgan to‘y vaqtiga qat‘iy rioya qilish boshlangan.

"To‘y 7 da boshlanib, maksimum 10:30 tugayapti. Odamlar bu narsani tushunayapti. Chunki ularni to‘ydan oldin mahalla ogohlantiradi, to‘y mana shu vaqti tugaydi deb, qo‘l qo‘ydirib oladi. Mahalladan to‘yni tugatadigan maxsus vakil keladi. Artistlarning narxi bo‘yicha, biror chora ko‘rilgani yo‘q, lekin 3 tadan ko‘p mumkin emas. Qo‘shiqchilarni biz nazorat qilamiz, 3 tadan ko‘p kiritmasligimiz kerak, agar hokimiyatdan birortasi ko‘rib qolsa, to‘yxonani yopib qo‘yishi mumkin, yana qanchadir jarimasi ham bor", - deydi to‘yxona boshqaruvchisi Sanjar.

Qarorda qo‘shiqchilarning soni va narxini nazorat qilish "O‘zbeknavo" estrada birlashmasiga topshirilgan. Birlashmaning Toshkent shahar bo‘limi direktori Tojimuhammad Botirov bu borada san‘atkorlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilganini, ham to‘y qiluvchi ham qo‘shiqchilar san‘atkorlar sonini qisqartirish tashabbusini yaxshi qarshilaganini aytadi.

- Qonunga har bir insonimiz bo‘ysinadi. Ko‘pchilik joylarga borsangiz xursand bo‘layapti. "Judayam yaxshi bo‘libdi, baraka topinglar. Men kelib oldinroq aytaman kabi tala to‘p yo‘q", deb juda xursand bo‘lishayapti, - deydi Tojimuhammad Botirov.

Qarorda to‘ylarni nazorat qilish uchun "Mahalla" xayriya jamg‘armasiga ham bir necha vazifalar yuklangan. Mahalla oqsoqollari to‘y egalari bilan tushuntirish ishlari olib borishi va imkon qadar ixchamlashtirish bo‘yicha takliflar berishi lozim.

Toshkentdagi "G‘alaba" mahallasi oqsoqol maslahatchisi Bahodir Alixo‘jayev aholi orasida tushuntirish ishlari yo‘lga qo‘yilganini aytadi.

"Odamlarning sonini, kuyov tomondan ham, kelin tomondan ham keladiganlarni iloji boricha kamaytirish. Isrofgarchilik qilish birinchi navbatda hamyoniga zarar, Alloh ham aytadiki, hech qachon isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymanglar, bu shaytoniy fazilat. O‘zimizda to‘y-marosim kengashining raisi, maslahatchimiz bor. Maslahatchining qo‘lida kitob bo‘ladi, kitob bo‘yicha to‘y bo‘ladigan odamlar bilan bitta bitta maslahat qilib, qilinadigan harajatlarni rejalab beramiz", - deydi Bahodir Alixo‘jayev.

Lekin mahalla tomonidan aytilayotgan ushbu choralarga har kim ham amal qilayotgani yo‘q.

- Quloq solayotganlari ham bor, ammo bizning maslahatlarga e‘tibor bermay o‘z bilganini qilayotganlar ham bor. O‘sha paytda aytdik, mahallada siz uchun kerakli bo‘ladigan narsalar bo‘ladigan bo‘lsa, agar mahallaga quloq solmasangiz, ishingizga hech kim aralashmaydi. O‘shandan keyin ancha muncha e‘tiborli bo‘lib qolishdi. Bir hil to‘ylarda chiqib qattiq turib harajatlarini qisqartirdik ham, - deydi Bahodir Alixo‘jayev.

Qarorda dabdabali to‘y qilmoqchi bo‘lganlarga nisbatan ta‘sir chorasi ko‘rish haqida ham yozilgan. Ammo mahalla oqsoqol maslahatchisi u kabi ta‘sir vositasi mahalla vakolatiga kirmasligi bois tavsiya va maslahatlar bilan cheklanilayotganini bildirdi.

O‘zbekistonda to‘ylar mavzusi qariyb 1 asrdan beri eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzuga aylangan. O‘tgan asrning boshlarida ziyolilar o‘z maqolalarida to‘ylardagi isrofgarchilik haqida kuyinib yozgan bo‘lsa, ushbu masala bugungi kunda ham dolzarbligini yo‘qotmagan.

Toshkentlik inson huquqlari faoli Surat Ikromov to‘ylarni qaror yoki qonun bilan tartibga solish o‘ta mushkul ish ekanligini aytadi. Odamlarning ongida isrofgarchilikka qarshi qarashlar shakllanishi lozim.

"Ko‘pchilikni bilaman, to‘y o‘tkazaman deb qarz olib uni qaytarolmay sarson bo‘lib yuribdi. Hammaning bir nechta farzandi bor. Hammasiga to‘y qilish kerak. Har birining og‘zida "qutilib olish" degan narsa bor. Shu so‘z menga umuman yoqmaydi. Farzand molmidiki, uni so‘yvorib qutulsang, juda xunuk so‘z bu. Odamlarning o‘zi bilishi kerak, o‘zi tushunishi kerak Hammani chaqirish shartmi deb o‘ylab ko‘rishi kerak", - deydi Surat Ikromov.

Huquq faoli, eng avvalo, amaldor, boy badavlat va taniqli shaxslar ixcham to‘y borasida o‘rnak bo‘lishi lozimligini, ana shunda jamiyatda biror o‘zgarish bo‘lishi mumkinligiga ishonadi. Hozircha esa san‘atkorlar va shou olamidagilarning internetga qo‘yilgan hashamatli to‘ylari bu boradagi tasavvurni shakllantirmoqda.