NATO turli tranzit yo‘llarini izlamoqda

Image copyright Reuters
Image caption AQSh o‘zi uchun millionlab mablag‘larni tejab qolishga imkon beradigan yo‘llarni ko‘rib chiqishi tayin

Afg‘onistondagi NATO boshchiligidagi qo‘shinlarga yuklarni tashib o‘tish uchun Pokiston hukumatining ruxsat bergani mamlakatdagi jangari guruhlarni g‘azablantirgan.

Pokiston rasmiylari xabar berishicha, qurolli kishilarning markaziy Pokistondagi armiya bo‘linmasiga qarata o‘q ochgani natijasida kamida yetti harbiy halok bo‘lgan, yana besh kishi yaralangan.

Hujum Panjob viloyatining Gujarat tumanida sodir bo‘lgan. Kuzatuvchilarga ko‘ra, mamlakatning bu hududida jangarilarning hujumlari kam sodir etiladi.

Hujum uchun mas‘uliyatni hozircha hech bir guruh o‘z zimmasiga olmagan.

Muxbirlarga ko‘ra, jangarilar askarlarga qarata ko‘prikdan turib o‘q ochgan.

"Hujumchilarning aniq soni noma‘lum, biroq ular mototsiklda kelishgan ", - deb aytgan xavfsizlik xodimlaridan biri.

Hujum jihodchi guruhlarning Pokiston hukumati NATO yuklarini mamlakat hududidan olib chiqilishiga ruxsat berganiga qarshi qo‘zg‘olonidan bir soat o‘tib sodir etilgan.

Yakshanba kuni sakkiz mingga yaqin namoyishchilar Laxor shahrida harakatni boshlaganlar.

Namoyishchilar Pokiston poytaxtiga qadar 275 km masofani bosib o‘tib, Islomobodda ommaviy namoyish o‘tqazishni maqsad qilganlar.

Janubiy, Pokiston tranzit yo‘li shimoliy Markaziy Osiyo ta‘minot yo‘liga qaraganda NATOga ancha arzon tushadi.

Shu sababli Pokiston o‘tish yo‘li qulayligi va arzonligi jihatidan NATO uchun muhim sanaladi.

Rossiya ko‘magi

NATO Afg‘onistondagi harbiy jihozlarini olib chiqib ketish borasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan ham rasman kelishuvga erishilganini ma‘lum qilgan.

Shuningdek, keyingi oy boshidan Rossiya hududi orqali Afg‘onistondagi NATO kuchlariga qarashli yuklarni aralash tranzit qilish boshlanadi, deb xabar bergan Rossiyaning NATO qoshidagi doimiy vakili Nikolay Korchunov.

Oldinroq Rossiya tomoni NATO yuklarini Afg‘onistondan olib chiqishda ko‘maklashishga rozi ekanligini bildirgan edi.

Yuklarni Afg‘onistonga yetkazish va olib chiqishda havo, avtomobil va temir yo‘l transportidan foydalanish rejalashtirilgan.

Tranzit maqsadida faqat fuqaro ob‘ektlari, jumladan Ulyanovskdagi aeroportdan foydalanish kutilmoqda.

Rossiya bu borada paydo bo‘lgan Ulyanovskda NATO bazasi qurilishi mumkinligi haqidagi taxminlarni rad qilgan.

Bundan oldin ham Rossiya hududi orqali Ovro‘po Ittifoqi davlatlari yuklarini tranzit qilishda ko‘mak berilganini qayd etgan.

"Hech qanday horijiy harbiy shaxs, yuk tashishda va uni qo‘riqlashda qatnashishi rejalashtirilmagan va bunday bo‘lmaydi", - degan Rossiyaning NATOdagi vakili janob Korchunov.

Uning aytishicha, konteynerlarda portlovchi va boshqa xavfli yuklar tashib o‘tilmaydi.

Rossiyaning NATO qoshidagi doimiy vakiliga ko‘ra, 1 avgustgacha Rossiya tomoni tranzit masalasidagi tayyorgarlik ishlarini yakunlashi kerak.

Tranzit shartlariga ko‘ra, har bir yuk rasmiy hujjatga ega bo‘lishi va bojxona xodimlari ishtirokida amalga oshirilishi talab qilinadi.

Afg‘onistondan 2014 yilda chiqib ketishi kerak bo‘lgan AQSh o‘zi uchun millionlab mablag‘larni tejab qolishga imkon beradigan yo‘llarni ko‘rib chiqishi tayin.

Ayni paytda Rossiya ham "Afg‘onistondan xalqaro kuchlarning chiqib ketishidan manfaatdorligini, bu ish uchun o‘z eshiklarini ochish bilan birga, pul ham ishlab olishi"ni ta‘kidlagan.