Qishloq xo‘jalik vaziri yomon g‘alla hosili sabab ishdan ketdi

Bu yilgi g‘alla hosilining cho‘g‘i kamligidan g‘azabga kelgan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirini vazifasidan chetlatgan.

Shu bilan birga, turli sabablar bilan to‘rt viloyat hokimlariga hayfsan e‘lon qilgan.

Hukumat tarkibidagi so‘nggi o‘zgarishlar haqida Turkmaniston davlat ommaviy-axborot vositalari xabar bergan.

Prezident Berdimuhammedov, o‘z o‘rnida, ish haqlari oshirilishini ham e‘lon qilgan.

Bunga aynan non narxlari ko‘tarilib ketgani bois, aholi orasida paydo bo‘lgan norozilik sabab bo‘lgan.

Xabarlardan ayon bo‘lishicha, o‘tgan yil yanvar oyidan buyon Qishloq xo‘jalik vaziri vazifasini bajarib kelayotgan Merdan Bayramov o‘rniga uning muovini Rejep Bozorov tayinlangan.

Vazirlikdagi boshqa ko‘plab mulozimlar ham yangilari bilan almashtirilgan.

Turkmaniston bu yil 1.6 million tonna g‘alla hosilini ko‘tarishni rejalagan bo‘lgan.

Ammo yetishtirilgan g‘alla hosili mo‘ljaldagisidan chorak foizga kam bo‘lgan.

Buning ortidan, o‘tgan juma kuni Turkmanistonda non narxlari uch barobarga oshib ketgan.

Bir kilogramm unning bahosi esa, ikki baravar qimmatlab, 0.35 sent(AQSh)ga yetgan.

Bundan xavotirga tushgan turkman rahbari kelasi yildan boshlab davlat xizmatchilari maoshlarining 10 foiz, nafaqalar miqdorining esa, 15 foizga oshirilishini e‘lon qilgan.

Gurbanguli Berdimuhammedov aholisi besh million kishini tashkil etuvchi energiyaga boy Turkmanistonni 2006 yildan buyon boshqarib keladi.

Mamlakat iqtisodi hanuz davlat tomonidan boshqariladi va sobiq Sho‘rolar davriga xos rejaga muvofiq hosil yetishtirish an‘anasi hamon amalda.

Turkman aholisi uchun gaz va elektr energiyasidan foydalanish tekin. Shu bois ham, yashash uncha qimmat emas.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari ham davlat tomonidan keskin nazorat etiladi.

Shu bois, narx-navolarning oshishi faqat mamlakat aholisi o‘ta nochor qatlamini qiyin ahvolga qo‘yishi mumkinligi aytiladi.

Yaxshi g‘alla hosili olgani bois esa, kuni-kecha prezident Berdimuhammedov Afg‘oniston bilan chegaradosh Lebap viloyati hokimiga "Kadillak" rusumidagi qimmatbaho mashina sovg‘a qilgandi.