Sirdaryo universitetining ikki o‘qituvchisi pora bilan ushlangan

Image caption Yoz mavsumida abituriyentlar ba‘zi o‘qituvchilarning asosiy daromad manbai bo‘lib qolgan, deyish mumkin

O‘zbekistonda yoz mavsumi kimlar uchundir cho‘ntak bo‘shatish mavsumi bo‘lsa, boshqa bir kimga "cho‘ntak to‘ldirish" bo‘lib hisoblanadi.

O‘qishga kirish uchun kelgan abituriyentlar ba‘zi o‘qituvchilarning ana shunday asosiy daromad manbai bo‘lib qolgan, deyish mumkin.

O‘zbekistondan olingan xabarlarga ko‘ra, Guliston Davlat universitetining ikki nafar o‘qituvchisi abituriyentlardan pora olayotgan payti xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlangan.

Shu universitetning yana bir o‘qituvchisi pora olganlik aybi bilan ishdan bo‘shatilgan.

Ushlangan ikki o‘qituvchi ham so‘roq qilingan, tergov- surishtiruv ishlari davom etayotganligi aytiladi.

O‘zbekistonda bir necha yildan buyon davom etayotgan oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish tartiblariga o‘zgartirishlar kiritilgach, hujjat qabul qilish muddatlari sun‘iy tarzda cho‘zilib ketgan.

Bu holat "ishni tezroq bitirib berish"ni xohlagan ba‘zi o‘qituvchilar uchun ayni muddao hisoblanadi.

O‘tgan haftada Toshkent Davlat Yuridik institutini uzoq vaqt davomida boshqargan professor Mirzayusuf Rustamboyev rektorlik lavozimidan bo‘shatilgan.

Rustamboyev ham qabul jarayonidagi poraxo‘rliklar uchun ishdan ketgan bo‘lishi taxmin qilinadi.