"O‘XH yig‘inida qatnashgan xorazmlik faolga tazyiq o‘tkazilmoqda"

Image copyright none
Image caption Hayitboy Yoqubov telefonlari uzib qo‘yilganini aytgan

O‘zbekiston Xalq Harakatining 2-qurultoyida ishtirok etgan "Najot" inson huquqlari tashkiloti raisi Hayitboy Yoqubov jarimaga tortilgan.

Muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi Bosh kotibi Otanazar Oripovning bildirishicha, bu haqda Hayitboy Yoqubovning o‘zi telefon orqali ma‘lum qilgan.

"Hayitboy 3 iyul kuni bordi Xivaga...Keyin 6-7 chislolarda telefon qildi. "Sud bo‘ldi, menga eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida jarima soldi. Lekin, tazyiq hali ham to‘xtagani yo‘q. Hozir telefonlarim ham ishlamaydi, aloqa yo‘q, uzilgan", deb aytdi", deydi Otanazar Oripov.

Unga ko‘ra, Hayitboy Yoqubov tez orada Toshkentga borishi haqida ham bildirgan.

"O‘zim boraman, telefonsiz boraman", dedi. Shuning uchun hozir men uni kutyapman", deydi "Erk" partiyasi Bosh kotibi.

Ammo, Hayitboy Yoqubovning qaysi asoslarda jarimaga tortilgani ma‘lum emas.

Uning o‘zi telefon suhbati payti bu haqda ma‘lum qilmagan.

Ammo, "Erk" partiyasi Bosh kotibi Otanazar Oripov mazkur holni O‘zbekiston Xalq Harakatining Pragada o‘tgan yig‘ini bilan bog‘laydi.

"Albatta, shundan keyin bo‘lgan hodisa bu. Lekin, u Pragada yurgan payti uyiga kelib, "Najot" noqonuniy ishlar qilyapti", deb aytishgan ekan", deydi Otanazar Oripov.

O‘zbekiston Xalq Harakatining o‘tgan oyning oxirida Chexiya poytaxti Pragada o‘tkazilgan 2-qurultoyida harakat faollari va kuzatuvchilar doxil 50 kishi ishtirok etgan.

"Najot" inson huquqlari tashkiloti raisi Hayitboy Yoqubov O‘zbekiston Xalq Harakati qurultoyiga O‘zbekistondan borib qatnashgan 4 kishining biri bo‘lgan.

Otanazar Oripov o‘zlarining O‘zbekiston chiqishlari va qaytib kirishlarida hech qanday muammo kuzatilmaganini aytadi.

"4 kishi juda ehtiyotkorlik bilan chiqib ketdik. Unda hech nima bo‘lgani yo‘q. Qaytishda ham yaxshi keldik birga", deydi u.

Otanazar Oripov hozirgacha yig‘in ishtirokchilaridan boshqa kimga nisbatan bosim ko‘rsatilmaganini aytadi.

O‘zbekiston Xalq Harakati Praga yig‘ini chog‘i O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov hukumatiga qarshi kurash rejasini ishlab chiqilganini ma‘lum qilgandi.

Reja yetti banddan iborat ekani, unda O‘XHni O‘zbekiston xalqiga tanitish harakatlarini "yanada kengaytirish"dan tortib Karimov hukumatining "da‘fatan yiqilishiga va hatto buning oqibatida kelib chiqadigan katta xaos ehtimoliga tayyor turish" zarurati qayd etilgan.

Bandlarda, shuningdek, "talabalar va armiyadagi askar yoshlar o‘rtasida tashviqotni oshirish" lozimligi ta‘kidlangan.

Asosan xorijda yashayotgan muxolifatning bir necha guruhini o‘zida birlashtirgan O‘XH o‘tgan yil Berlinda ta‘sis etilgan edi.