Misrda harbiylar qarshiligiga qaramay parlament majlisi yig‘ilgan

Image copyright AFP
Image caption Konstitutsion mahkama noqonuniy deb e‘lon qilgan parlament birinchi majlisga yig‘ilgan

Misrning Harbiy kengashi konstituttsion mahkama chiqargan parlamentni tarqatib yuborish qarori bajarilishi lozimligini bildirgan.

Kengash murojaatida barcha davlat tashkilotlari qonun va konstitutsiyaga bo‘ysunishlari shartligi ta‘kidlangan.

Harbiy kengashning murojaati ko‘pchilik misrliklar nazarida bundan bir hafta oldin qasamyodga keltirilgan Muhammad Mursiy uchun bir ogohlantirish bo‘lishi mumkin.

Misr konstitutsiya mahkamasi prezident Mursiyning parlamentni qayta tiklash haqidagi qarorini bekor qilgan.

Misr Harbiy kengashi mamlakat parlamentini saylovlardan keyin tarqatib yuborgan edi.

Konstitutsion mahkama parlamentni qayta tiklash qonuniy emasligini aytgan.

"Musulmon Birodarlar" ga ko‘ra, aynan harbiylar qonunga zid harakat qilib iyunda tarqatilgan parlamentning vakolatlarini o‘zlashtirib olishgan.

Prezident Muhammad Mursiy parlamentni ish boshlashga buyruq berganidan so‘ng, tarqatilgan parlament so‘zchisi deputatlarni seshanba kunidan ishga qaytishlarini so‘ragan.

BBC muxbiri Jon Leynning aytishicha, Mursiy qasamyodga keltirilgach, mamlakatda siyosiy yarashuv o‘rnatilgandek tasavvur uyg‘ongan.

Lekin bu vaqtinchalik holatligi, Misr yana siyosiy jihatdan boshi berk ko‘chaga kirib qolishi mumkinligi ushbu munozaralardan ayon bo‘la boshlagan.

Misrning yangi prezidenti parlamentni qayta tiklash qarori bilan uni tarqatib yuborgan harbiy kengashga ro‘baro‘ qilib qo‘ygan.

Harbiy kengashning murojaati prezident va harbiylar o‘rtasidagi dastlabki qarama-qarshilik sifatida qaralmoqda.

Seshanba kuni ertalab mahkama noqonuniy deb e‘lon qilgan parlament a‘zolari birinchi majlisga yig‘ilishgan.

Biroq Tahrir maydonida yana yangi namoyishlarga chaqiriqlar yangragan.

Mamlakatdagi siyosiy kayfiyat o‘zgara boshlagani kuzatilgan.

Konstitutsion mahkama chiqargan qarori "aniqligi va uni o‘zgartirish uchun biror bir shikoyatga o‘rin yo‘qligi"ni alohida ta‘kidlagan.

Yakshanba kuni prezidentning farmoni e‘lon qilingach, qurolli kuchlarning Oliy kengash majlisi chaqirilgan.

Biroq o‘rtadagi munosabatlar tarangligiga qaramay Muhammad Mursiy va harbiy kengash felьdmarshali Huseyn Tantaui harbiy akademiyadagi tantanali marosimda birgalikda qatnashishgan.

Husni Muborak qudratdan ketgach 2011 yilda boshqaruvni egallagan armiya hukumatni qo‘lida saqlab qolishga urinayotganligi oxirgi paytlarda tanqidlarga yuz tutgan.

Musulmon birodarlar vakili Muhammad Mursiy 30 iyunda vazifasiga kirishgan.

Konstitutsion deklaratsiyaga binoan prezident qurolli kuchlar ustidan hukumatga ega emas, Bosh qo‘mondonga esa mamlakat konstitutsiyasiga veto qo‘yish huquqi beriladi.

Misrda hali yangi konstitutsiya qabul qilinmagan.