BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Navi Pillay O‘shga borgan

Image copyright s
Image caption Pillay xonim bir necha kun mobaynida Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganishga qaror qilgan.

Ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasiga safar qilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Navi Pillay 2010 yildagi millatlararo nizolardan jabr ko‘rgan O‘sh shahriga borgan.

Pillay xonim bir necha kun mobaynida Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganishga qaror qilgan.

BMT oliy komissari Qirg‘iziston janubiga safar qilishidan oldin Prezident Almazbek Atambayev, Qirg‘izistonning Tashqi va Ichki ishlar vazirlari, mamlakat bosh prokurori, Ombudsman, Oliy mahkama rahbarlari, mahalliy inson huquqlari himoyachilari va nohukumat tashkilotlar xodimlari bilan uchrashgan

10 iyul kuni BMT Inson huquqlari Oliy komissari Navi Pillay O‘shga borgan.

Bu yerda 2010 yil iyunidagi o‘zbeklar bilan qirg‘izlar o‘rtasida kelib chiqqan millatlararo nizolardan keyin Inson huquqlari Oliy komissarligi o‘z missiyasini ochgan.

Pillay xonim O‘shda zo‘ravonliklardan eng ko‘p shikastlangan hududlarga borib vaziyatni o‘rganish, O‘sh shahri meri va O‘sh viloyati gubernatori bilan uchrashish niyatini bildirgan.

Kechga yaqin poytaxt Bishkekda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari matbuot anjumani uyushtiradi.

11-12 iyul kunlari Pillay xonimning Qozog‘iston rasmiylari, inson huquqlari faollari bilan uchrashishi rejalashtirilgan.