Rasmiylar yangi suv toshqinlari haqidagi xabarlarni rad qilishmoqda

Image caption Yangi suv toshqini bo‘lishi haqidagi mish-mishlar sabab ko‘pchilik shaharni tark qila boshlagan

Rossiyaning Krasnodar o‘lkasi rahbarlari aholini Kubanda yangi suv toshqinlari bo‘lishi haqidagi mish-mishlarga ishonmaslikka va sarosimaga tushmaslikka chaqirgan.

Dushanba kuni tarqalgan Neberdjayevsk suv omboridagi to‘g‘on suv toshqiniga dosh berolmasligi haqidagi vahimalar sabab Krimskning ko‘pchilik aholisi shaharni tark qila boshlagan.

Shundan so‘ng ovoz kuchaytirgichlar o‘rnatilgan politsiya mashinalari ishga solingan.

Suv omboridagi to‘g‘on aholiga hech qanday xavf tug‘dirmasligi haqida Krasnodar o‘lkasi Ichki Ishlar boshqarmasi rasman e‘lon qilgan.

Ayni paytda suv toshqinidan zarar ko‘rgan hududlarga Krasnodar, Rostov, Moskva, Sankt-Peterburg kabi shaharlarda to‘plangan insonparvarlik yordamlari yetkazilmoqda.

"Kommersant" ro‘znomasi nafaqat jabrlanganlar emas, qutqaruvchilar ham yordamga muhtojligini xabar qilgan.

MChS xodimlariga rezina etiklar, qo‘lqoplar va respiratorlar yetishmayotgani aytilgan.

Krasnodar o‘lkasi rahbari Aleksandr Tkachev Krimskda o‘tkazilgan matbuot anjumanida maxsus provakatorlar aholi orasida vahima tarqatayotganini aytgan.

Janob Tkachev jabr ko‘rganlarga, yaqinlaridan ayrilganlarga yordam puli "suv toshqinidan xabardor etilgan edi", degan tilxat yozilgach berilishi haqidagi xabarlarni rad qilgan.

Suv ombori ham ochib yuborilmagani, bu faqat mish-mish ekanini aytgan.

Aholi mahalliy hukumatni kelayotgan xavf-xatardan o‘z vaqtida xabardor qilmaganlikda ayblagan.

Krimskda ketayotgan qutqaruv-tiklash ishlari uchun mahalliy hukumat ko‘ngillilarni yordamga chaqirgan.

Huquqni himoya qilish tashkilotlari litsenziyalik qurollarga ega bo‘lgan kishilarni qurollarini tuman bo‘limlariga vaqtinchalik topshirishlarini so‘ragan.

Vaziyat izga tushgach qurollar egalariga qaytarilishi va‘da qilingan.

Krimsk tumani hokimi vazifasidan chetlatilgan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Krasnodar o‘lkasida 26 mingdan 34 minggacha kishi tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan.

Uch mingdan ortiq kishi bor mol-mulkidan ayrilgan.

7 iyulga o‘tar kechasi Rossiyaning Krimsk, Gelendjik va Novorossiysk shaharlaridagi besh mingga yaqin uy suv ostida qolib ketgan.

Toshqin oqibatlarini bartaraf qilish uchun kamida 3-4 milliard rubl( 90-100 million dollar) kerakligi aytilmoqda.