Olimpiya g‘oliblari O‘zbekistonda qanchaga baholanmoqda?

O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi vakilining bildirishicha, 2012 yilgi London Yozgi Olimpiada O‘yinlarining oltin medali sovrindori uchun 100.000 AQSh dollari mukofot puli belgilangan.

O‘yinlarning kumush medali sovrindori 50.000 AQSh dollariga umid qila olsa, bronza medalini qozongan g‘olib 25.000 AQSh dollarini qo‘lga kiritadi.

Agar o‘z g‘oliblariga mukofot pullarini e‘lon qolgan qolgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan solishtirilsa, bu ikkinchi yirik ko‘rsatkichdir.

Mintaqa davlatlari orasida bu borada oltin medal g‘olibiga 250.000 AQSh dollari va‘da qilayotgan Qozog‘iston ustunlik qiladi.

Tojikiston hukumati London Olimpiadasi g‘olibiga 63.000 AQSh dollari miqdoriga teng mukofot puli berishni rejalayapti.

Qirg‘iziston tomoni esa, o‘yinlarga sanoqli haftalar qolganiga qaramay, bu xususda haliyam bir to‘xtamga kelmagan.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, o‘zbekistonlik Pekin Olimpiadasi(2008 yil) g‘oliblari ham xuddi shu miqdordagi mukofot pullarini olishgandi.

O‘z g‘oliblariga qancha mukofot puli tayinlash bobida esa, Ozarbayjon, hatto, Rossiyani ham ortda qoldirib ketibdi.

Ozarbayjon hukumatining va‘dalariga qaralsa, oltin medal sohibi yarim milliarad AQSh dollariga umid qila olishi mumkin.

Bu - Rossiya o‘z sportchilarini taqdirlashga sarflamoqchi bo‘lgan mablag‘dan ( oltin medal uchun - 128.000 AQSh dollari) to‘rt barobarcha ko‘p.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, ham Qishki va ham Yozgi Olimpiada O‘yinlarida katta sondagi sportchilari bilan ishtirok etuvchi Amerika o‘z g‘oliblariga qariyb 20 yildan buyon faqat 25.000 AQSh dollari mukofot puli berib keladi.

Umidlar

So‘nggi rasmiy ma‘lumotlarga qaralsa, London Olimpiada O‘yinlarida O‘zbekistondan 53 sportchi 15 sport turi bo‘yicha ishtirok etadi.

O‘zbekiston paralimpiya sportchilari ham 10 litsenziyani qo‘lga kiritishgan.

Ammo o‘yinlarda ishtirok etish huquqini beruvchi saralash bosqich bellashuvlari hanuz davom etmoqda.

O‘zbekistonlik sportchilar London Olimpiadasida dzyudo, erkin va yunon-rim kurashi, boks, badiiy va sport gimnastika bo‘yicha sovrinli o‘rinlarga umid qilishmoqda.

Mas‘ullar bu gal kamida uchta oltin medalga ko‘z tikayotganliklarini aytishadi.

Bu yilgi Yozgi Olimpiada o‘yinlari 27 iyuldan 12 avgustga qadar davom etadi.

O‘zbekiston 2008 yilgi Pekin Yozgi Olimpiada O‘yinlarini 1 oltin doxil oltita medal bilan yakunlagan.

Bu erishilgan medallar soni bo‘yicha mintaqada Qozog‘istondan keyingi ikkinchi ko‘rsatkichdir.

Pekin Olimpiadasi O‘zbekiston milliy jamoasi ishtirok etgan to‘rtinchi Olimpiya O‘yinlari edi.

O‘zbekistonlik oltmishga yaqin sportchi 15 sport turi bo‘yicha g‘oliblik uchun kurash olib borishgandi.