Qozog‘istonda eng zo‘r bo‘sa musobaqasi bekor qilindi

Image copyright AP
Image caption Xabar internetda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi

Musulmonlarning tanqidi ortidan Ostonada "Eng zo‘r bo‘sa tanlovi" qoldirildi. Tashkilotchilar omma oldida o‘pishishni istovchilar o‘ta ozligi sabab ushbu tanlovni qoldirishganini bildirgan.

Bungacha Qozog‘iston Musulmonlar diniy idorasi maxsus bayonot bilan chiqib yoshlarni bu "fahsh ishni boykot qilish"ga chaqirgan edi. Diniy idoraning ushbu chaqirig‘i turli munozaralarga sabab bo‘lgan.

Tanqidchilar diniy idorani dunyoviy ishlarga aralashayotganlikda ayblagan. Qozog‘iston musulmonlar diniy idorasi bu vaqtgacha ham jamiyatdagi o‘zgarishlarga o‘z munosabatini bildirib turishi bilan ajralib kelgan.

Bo‘salar tanlovi poytaxt Ostonada 13 iyul, juma kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi. Loyiha tashkilotchisi Yerbol Kushugulov ochiq maydonda bo‘sa oluvchilarni ko‘proq yig‘ib Ginnesning rekordlar kitobiga kirishni ham maqsad qilgandi. Ammo, tashkilotchi Facebook orqali tanlov bekor qilinganini bildirdi.

Yerbol Kushugulov BBCga Facebook orqali, "oddiy tanlovdan katta muammo yaratishdi, qo‘pol qilib aytganda pashshadan fil yasashdi", dedi.

Musulmonlar diniy idorasining yoshlarni ushbu tanlovni bayqot qilishga chaqirig‘idan so‘ng, unda ishtirok etishni istovchilarning soni juda ozchilikni tashkil qilgan.

Aqto‘ba viloyati bosh imomi Abdumutallib Davronbekov Islomda man qilingan bu kabi amallarga ulamolar har doim qarshi bo‘lib kelganini aytadi.

"Agar shu kabi harom ishlarga beparvo bo‘linadigan bo‘lsa, jamiyat va odamzod buziladi. Shuning uchun aroq, nasha, erkaklarning erkaklar bilan o‘pishi, nikohsiz ayollar bilan o‘pishishi kabi islomda qat‘iyan man qilingan ishlarga ulamolari qarshi", - deydi Abdumutallib Davronbekov.

Ushbu xabar internetda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Fikr bildiruvchilarni ikkiga bo‘linganini ko‘rish mumkin. Diniy idoraning ushbu chaqirig‘ini qo‘llab quvvatlovchilar sirasiga hattoki Qozog‘istonning BMTdagi vakili, tashkilot bosh kotibining o‘rinbosari Qosim – Jomart To‘qayev ham qo‘shilgan.

To‘qayev janoblari o‘z Tvitteridagi sahifasida, "Diniy idoraning Ostonadagi bo‘salar marafonini boykot qilishga chaqirig‘ini qo‘llab quvvatlayman. O‘zga davlatlarda mavjud hamma narsani ko‘r ko‘rona olish kerak emas", degan.

Qarshi tomon Qozog‘istonning dunyoviy davlatligini ta‘kidlagan. Qozog‘iston talabalarining mustaqil kasaba uyushmasi rahbari Rinat Qibrayev Qozog‘iston ochiq bir jamiyat ekanligini va bo‘sa tanlovlari kabi holatlar normal ekanligini aytadi.

"Qozog‘iston erkin davlat, bu kabi tanlovlar jamiyatda ma‘naviyatsizlik deb qabul qilinuvchi Afg‘oniston yoki Saudiya Arabistoniga o‘xshamaydi. Chunki Qozog‘istonda juda ham ko‘plab ma‘naviyatga zid ishlar sodir bo‘lmoqda. Yoshlarimiz ham ancha mustaqil va jamiyatimizda sodir bo‘layotgan boshqa holatlar oldida bo‘sa olish tanlovini salbiy deb hisoblamayman", - deydi Rinat Qibrayev.

Internetda fikr bildiruvchilar Musulmonlar diniy idorasini dunyoviy ishlarga aralashayotganlikda ayblagan va idora diniy ishlar bilan cheklanishi lozimligini urg‘ulagan.

Aqto‘be viloyat bosh imomi Abdumutallib Davronbekov musulmonlar ham ushbu jamiyatda teng huquqli ekanligini va bu kabi chaqiriqlarga haqli ekanligini aytadi.

"Dunyoda faqat ular yashayotgani yo‘q, musulmonlar ham ular bilan birgalikda umr kechirayapmiz. Keyin ushbu din faqat musulmonlarga tushirilmagan, balki butun dunyoning taraqqiy etishi uchun yuborilgan. Qaysi zamonda bo‘lmasin, shariat tomonidan man‘ qilingan ishlarga jiddiy e‘tibor berilmasa, insonning tabiati buziladi, turli balolar yog‘ilishi mumkin. Shuning uchun ham, biz har qanday man qilingan ishlarni to‘xtatishga har doim hozir turamiz", deydi Abdumutallib Davronbekov.

Qozog‘iston Musulmonlar diniy idorasi jamiyatdagi hodisalarga o‘z munosabatini bildirishi va biror o‘zgarish qilishga harakat qilishini kuzatish mumkin.

Olma ota bosh imomi shahar hokimiga murojaat bilan chiqib, ko‘chalardagi bilbordlarda fahsh kinolarning reklamasini olib tashlashni so‘ragan. Diniy idora esa hukumatga ro‘za kunlari narx navolarni tushirishni so‘rab murojaat qilgan.