Srebrinitsa: Qirg‘in jabrdiydalari qayta dafn etildi

Image copyright AP
Image caption Yashil mato bilan o‘ralgan tobutlarda yangidan shaxslari aniqlangan jabrdiydalar jasadlari qoldiqlari solingan.

Srebrinitsa qirg‘ini 500dan ortiq jabardiydasi shaxsi aniqlanib, qayta dafn etilgan.

Bu Bosniya shaharchasida yuz bergan fojeaga 17 yil to‘lgan kunga to‘g‘ri kelgan.

Rotosari xotira markazida o‘tayotgan ushbu qayg‘uli marosimda aksari jabrdiydalar yaqinlaridan iborat minglab odamlar ishtirok etishgan.

1995 yil iyulida 8 mingga yaqin musulmon bolalar va erkaklar Bosniya serb kuchlari tarafidan o‘ldirilgandi.

Qirg‘in BMTning urush jinoyatlari tribunal tarafidan qatliom sifatida tan olingan.

Mazkur hodisa Ikkinchi Jahon Urushidan beri Ovro‘poda amalga oshirilgan eng yomon vahshiylik sifatida ta‘riflanadi.

"Adolat tarozisi"

Chorshanba kungi 520 insonni qayta dafn etish marosimlariga 30 mingga yaqin odam ishtirok etgan.

Yashil mato bilan o‘ralgan tobutlarda yangidan shaxslari aniqlangan jabrdiydalar jasadlari qoldiqlari solingan. Ular chekka va belgisiz qabrlardan kovlab olingandi.

Bosniya serb qo‘shinlari qirg‘in ko‘lamini yashirishga urinib, jasadlarni ommaviy qabrlardan olib, "ikkinchi darajali" deb atalgan qabristonlarga bekitishgan.

Hozirgacha qariyb 7 ming jabrdiydaning shaxsi aniqlangan, ammo hozirgacha ham tekshiruv ishlari davom etmoqda.

Dafn marosimlari haqidagi videolavhani mana bu yerda tomosha qiling:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Chorshanba kuni qayta ko‘milganlarning 48 nafari o‘smir bolalar bo‘lishgan.

"Bu og‘riq, cheksiz og‘riq va har yili 11 iyul yaqinlashsa, og‘riq chidab bo‘lmas darajaga chiqadi", deydi otasining jasadini qayta tuproqqa topshirayotgan Sevdija Halilovich.

"Qirg‘inda mening ikki ukam ham o‘ldirilgan, biroq ularning jasadlari hali topilgani yo‘q", deydi u.

Chorshanba kuni hukumat binolari tepasidagi bayroqlar yarim tushirilgan va Bosniyada motam kuni deb e‘lon qilingan.

Bosniyaning ikki serb rahbari Radovan Karadjich va Radko Miladich hozir Haagadagi Xalqaro Jinoyat Tribunaliga tortilmoqda.

Ularga 1995 yilgi qirg‘in va boshqa urush jinoyatlariga oid ayblovlar qo‘yilgan.

Ammo, Radovan Karadjich ham, Radko Miladich ham o‘zlariga qarshi ayblovlarni rad etishadi.

"Va nihoyat, Haaga va Bosniya-Hertsegovina mahkamalarida jabrdiydalar uchun adolat tarozisi xizmat qila boshladi. Ushbu vahshiylikni sodir etganlar, jumladan, Radovan Karadjich va Radko Miladichdan o‘z amallari uchun javob berishi so‘ralmoqda", deb aytgan Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Barak Obama o‘z bayonotida.

Ammo, Srebrinitsa qirg‘ini qurbonlarining ba‘zi yaqinlari va do‘stlari Haaga mahkamalari ortga surilayotganidan o‘z g‘azablarini izhor qilishgan.